Oila — hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini ta'minlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak avlodlar uchun betakror tarbiya qo‘rg‘onidir. Shu bois xalqimiz azaldan oilani muqaddas sanab kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Zero, xalqning, millatning kelajagi aynan oila bilan chambarchas bog‘liq. Chunki, har bir inson oilada tug‘iladi va voyaga yetadi. Shunday ekan, har bir bolaning kelajakda kim va qanday inson bo‘lib kamol topishida oila muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizda barcha xayrli ishlar, ezgu amallar, avvalo, oilalarning farovonligi, totuvligini mus­tahkamlash, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish ham­da ularning yorug‘ kelajagini ta'minlash maqsadida amalga oshirilib kelinmoqda. Zero, oilada shakllangan sog‘lom muhit farovon turmush, osuda hayot tarzimizning mustahkam poydevoridir.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda oilani har jihatdan mustahkamlash, uni milliy qadriyatlarimiz o‘zining teran ifodasini topgan haqiqiy tarbiya o‘chog‘iga aylantirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning shu yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyat­ni tubdan ta­ko­mil­lashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bu bo­ra­da muhim aha­miyat kasb etdi.

Farmonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini ta'minlash, qo­biliyat va salo­hiya­tini ro‘yobga chiqarish, oila ins­titutini mustahkamlash, uning jamiyatdagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirish, onalik va bolalikni himoya qi­lishga qaratilgan muhim cho­ra-tadbirlar belgilandi.

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga yetarlicha e'tibor berilmagani oqibatida ajrashishlar soni yildan-yilga oshib borib, 2017 yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rib, ular tomonidan jinoyat sodir etish holatlari ko‘p uchrayotgandi.

Prezidentimizning yuqo­rida qayd etilgan farmonida shu kabi muammolarni hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Oilaviy munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, barvaqt nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ma'naviy-axloqiy tarbiyasi bo‘yicha doimiy ish olib borish yo‘lga qo‘yilayotgani jamiyat hayotida tahsinga sazovor holat va bu albatta, o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasiz.