Jamiyat | 19:30 / 19.03.2018
129835
4 daqiqa o‘qiladi

Kaltaklandi, so‘kish eshitdi va o‘ldi. O‘zbek o‘qituvchisi qismati

Foto: Getty Images

Pedagog so‘zining lug‘aviy ma'nosi «bola yetaklovchisi» degan ma'noni anglatadi. Bu so‘zning paydo bo‘lishi qadimiy Yunoniston davlatida ilk maktabchilik shakllanishi davriga to‘g‘ri keladi, ya'ni zamonasining ilg‘or fikrli kishisi qolganlarga, asosan yoshlarga bilim berishi, keyinchalik uni pedagog deb atashlariga asos bo‘ldi.

Hech qaysi davlatda o‘qituvchiga past nazar bilan qaralmaydi, aksincha uning faoliyati moliyaviy jihatdan rag‘batlantiriladi. Masalan, ish tajribasiga ega bo‘lmagan o‘qituvchi Yevropada yiliga 77 ming dollar atrofida maosh oladi, ko‘p yillik tajribaga ega, talabgir pedagog esa bir yilda 135 ming dollar haq oladi. Tasavvur qilib ko‘ring: bu maoshni olgan o‘qituvchi faqat ta'lim berish, bolalarni tarbiyalash, ularni «yetaklash» bilan shug‘ullanishdan boshqa iloji qolmaydi. 

Sibirning haroratiyu, Kaliforniyaning tarovatini bir chetga suraylikda, o‘zimizning jaydari o‘qituvchilar haqida gaplashsak. Ular ajoyib toifada: hech o‘z bilganidan qolmaydi. O‘zbekistonlik o‘qituvchilar uchun terminni sal moslashtirib, «podagog»ga aylantirdim. 

Gap shundaki, shaharda qurilish, buzilish, qo‘yingki, «mehmon» kelsa ham o‘qituvchida «kutilmagan tashabbus» yuragidan qaynab chiqadi. Bahor kelsa, daraxt oqlab, kuzda paxta tergisi keladi. Hayronman, ortidan ergashgan «poda» bilan nimalarga erishmoqchi, biroq barcha ishni do‘ndiradi, qoyillatadi. Komissiya kelsa, bitta arxivga oshno qog‘ozlarni to‘ldirganini ko‘rsatib maqtanadi. 

Allambalo gazeta, jurnallarga obuna bo‘lgani-chi?! O‘zi kundalik sarfingga yetmaydigan oylik olasan, obunaga shoshilib nima qilasan, degani odam yo‘q. Buning ustiga, metallom yig‘ib shogirdlariga namuna bo‘ladi. Bunday «podagog» hech ham gapga kirmaydi. Hokimlar kaltakladi, haqorat qildi, boshqa ta'sirchan chora ham qolmadi. Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligiga ko‘ra, «majburan ko‘cha tozalashiga chiqarilmagan», 100 dollar ham maosh olmaydigan o‘qituvchi katta trassa chetiga ohak surkayman deb halok bo‘ldi. 

Xulosa sizdan, aziz o‘qituvchilar! Jamiyat siz yaxshi yo‘lga qaytishingizni, ortiqcha qog‘ozlar to‘ldirib, majlisbozlikka berilmay, darsga qaytishingizni kutadi. Andijondan poyezdga o‘tirib, boshqa viloyatga paxta tergani ketib qolmang. Ko‘cha tozalash bo‘lsa, mana tumanlarda obodonlashtirish boshqarmalari bor, hokimlar ham yeng shimarib turibdi. Siz sinfxonaga boring, qadoq qo‘lingiz qachon bo‘r ushladi? Xavotir olmang, Abdullani ham biz uylantiramiz, sigirni ham biz sog‘amiz. Siz faqat qayting!​

PS: Ayrim, panada soliqchilar, MIB yoki elektrta'minot xodimlariga ish qoldirmay, ularning o‘rniga aholining qarzlarini undirish yo‘lida javlon urib yurgan o‘qituvchilar, sizlar ham qayting!

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid