Jahon | 21:20 / 01.04.2018
4177
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada parvozlarga soliq kuchga kirdi 

Foto: RIA Novosti / Aleksandr Vilf

Shvetsiya aeroportlaridan parvoz amalga oshirish uchun yangi soliq 1 apreldan amal qila boshladi. Bu haqda Shvetsiya radiosi SR xabar bermoqda.

“Bugundan Shvetsiyadan parvozlarga soliq kiritilmoqda. Iqlim bilan bog‘liq bu chora ham qo‘llab-quvvatlangandi, ham tanqid qilingandi”, deb xabar berdi radio.  

Ma'lum qilinishicha, soliq qiymati Shvetsiya ichida va Yevropa Ittifoqiga safarlar uchun 60 kronni (5 yevro) tashkil qiladi. Undan uzoqroqqa parvozlar reys davomiyligiga qarab 250 krondan (23 yevro) 400 krongachani (36 yevro) tashkil qilishi mumkin. Soliq yo‘lovchilarga solinmaydi, u aviakompaniyalarga nisbatan kiritilgan. Bu chiptalar narxi oshishini anglatishi-yo‘qligi hozircha noma'lum. Hukumat buyurtmasi bilan soliq kiritilishidan avval o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, issiqhona gazlari chiqarilishi 2 foizgacha qisqarishi mumkin va odamlar kamroq uchishlari kutilmoqda.

“Bu soliq chiqindi gazlarga bevosita bog‘liq emas, biroq bu muhimmas, shunchaki parvoz sababli iqlimga ta'sir uchun haq to‘lanishini qayerdadir boshlash kerak edi”, deb aytgan Shvetsiyaning atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan transport masalalari bo‘yicha mutaxassis Mats Byorsell soliqqa izoh berib.

Radioda ta'kidlanishicha, yangi soliq mamlakatda birdek qabul qilinmagan. Misol uchun, muxolif Markaz partiyasining fikricha, iqlim bo‘yicha ishlashda amaliy usul bioyoqilg‘iga o‘tishni tezlashtirish bo‘ladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid