Jahon | 12:30 / 06.04.2018
18200
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston Belarus tomonidan qurib berilgan 1 mlrd dollarlik kombinatdan norozi

Foto: Turkmenistan.gov.tm

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisi davomida shu narsa ma'lum bo‘ldiki, «Garliq tog‘-kon kombinati qurilishi bosh pudratchilari bo‘lgan Belarus mutaxassislari o‘z shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajarmagan», deb xabar qilmoqda «Neytralniy Turkmenistan» gazetasi.

Kompleks faoliyatini mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga muvofiqligini tekshirish jarayonida kamchiliklar aniqlangan.

Natijada, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bosh vazirning sanoat bo‘yicha o‘rinbosari Kerim Durdimiradov, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va Davlat komissiyasi raisiga Garliq kon-ruda kompleksini tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha vazifani topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, qiymati 1,1 mlrd dollar bo‘lgan va belaruslik mutaxassislar tomonidan qurilgan Garliq kon-boyitish kombinati 2017 yilning 31 mart kuni foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko ishtirok etgan.

Yangi korxona nafaqat Turkmaniston qishloq xo‘jaligi ehtiyojlarini qondirish, balki jahon bozorida talabgir bo‘lgan mahsulotni eksport qilish imkonini berishi ham taxmin qilingandi. Yiliga 1,4 mln tonna kaliyli o‘g‘it quvvatiga ega kompleks Markaziy Osiyodagi eng yirigi sanaladi.

Ayni damda Turkmaniston ikkinchi kaliy kombinatini qurish uchun tender o‘tkazmoqda. Avvaliga qurilish bilan Belarusning o‘sha kompaniyasi shug‘ullanishi taxmin etilgandi, biroq keyinchalik «Belaruskaliy» bosh direktori Ivan Golovatiy kompaniya tenderga murojaat bilan chiqmagani, sababi Turkmaniston hukumati tomonidan taklif etilgan shartlar yoqmagani haqida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid