Sport | 20:22 / 12.04.2018
5642
3 daqiqa o‘qiladi

Superliga. Olmaliqda hisob ochilmadi

Foto: FC Qo'qon-1912

Olmaliqning OKMK jamoasi superliganing 6-turida Qo‘qonning «Qo‘qon-1912» jamoasini qabul qildi.

Uchrashuvni qo‘qonliklar faollik bilan boshlashdi. 2-daqiqada maydon egalari Darko Gojkovichga nisbatan qo‘pollik ishlatishdi. Natijada mehmonlar jarima zarbasiga ega bo‘lishdi. Biroq Spremoning zarbasini mezbonlar posboni qaytarishga erishdi. 

34-daqiqada mezbonlar gol urishgan edi. Hakam ofsayd qayd etdi. Oradan bir daqiqa o‘tib, qo‘qonliklarni darvoza ustuni goldan asrab qoldi. Taym so‘nggida maydon egalari ancha jonlanishdi va ketma-ket hujum uyushtirishdi.  Biroq tanaffusga jamoalar hisob ochilmagan holda chiqib ketishdi. 

Ikkinchi bo‘limni maydon egalari hujumkor ruhda boshlashdi. 54-daqiqada OKMK futbolchilari jarima to‘pi tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Lutfullo To‘rayev zarbasini darvozabon mahorat bilan bartaraf etdi. 60-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Muhammadanas Hasanov ajoyib reyd uyushtirdi. Biroq hujumning yakuniy qismi samarasiz chiqdi. 

Qo‘qonliklar 66-daqiqada hisobni ochishga juda yaqin kelgandi. So‘nggi pallada mezbon himoyachisi to‘pni jarima maydonchasidan uzoqlashtirdi. Bu vaziyatda Berdiyev-Merzlyakov-Otaqo‘ziyev ijrosida chiroyli kombinatsiya tashkil etildi. 

O‘yin yakuniga qadar har ikki jamoada hisobni ochish uchun bir qator imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo vaziyatlardan samarali foydalana olmaslik natijasida xuddi o‘tgan yil Olmaliqda o‘tkazilgan o‘yinda bo‘lgani kabi 0:0 hisobi qayd etildi.

Ushbu durangdan so‘ng ikkala jamoa hisobidagi ochkolar soni ham 8taga yetdi va ular mos ravishda 6-8 o‘rinlarni egallab turishibdi.

O‘zbekiston Superligasi
6-tur 

OKMK – «Qo‘qon-1912» – 0:0
AGMK: 
33. Pavel Matyash, 2. Abduqahhor Hojiakbarov, 4. Xurshid Muxtorov, 10. Shohnazar Norbekov, 13. Lutfulla To‘rayev, 15. Vladimir Bubanya, 19. Vladislav Kosminin, 21. G‘ulomhaydar G‘ulomov, 23. Yovan Jokich, 24. Javlon Guseynov, 87. Vadim Chemirtan (17. Kamoliddin Murzoyev, 87).
«Qo‘qon-1912»: 1. O‘tkir Yusupov, 5. G‘iyos Komilov, 7. Jamshid Hasanov, 9. Nosir Otaqo‘ziyev, 10. Javohir Sidiqov (15. Oybek Rustamov, 55), 17. Quvondiq Ro‘ziyev (38. Doston Meliqo‘ziyev, 90), 19. Suhrob Berdiyev, 23. Aleksandr Merzlyakov, 55. Darko Gojkovich, 65. Marko Milich, 95. Milan Spremo (96. Muhammadanas Hasanov, 57).
Hakamlar: Sh.Qosimov (Toshkent), A.Usmonov (Toshkent), A.Kalinin (Qarshi), A. Najafaliyev (Toshkent).

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid