Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gvardiola uchun imkon. Hafta o‘yinlari anonsi
Bu hafta dam olish kunlari avvalgilardan ham qiziq bo‘ladi. Bir qator qiziqarli derbilar va Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun o‘zaro kurashlar bilan birga, Fransiya, Niderlandiya chempionatlarida rasman g‘olib aniqlanishi, Turkiya, Portugaliya kabi birinchiliklarda esa, yaqqol favoritni bilib olishimiz mumkin bo‘ladi. Keling, bir boshdan.
BAYYeR – AYNTRAXT (14 aprel, 18:30)
Kuchli to‘rtlik uchun haqiqiy kurash Bundesligada kechmoqda va biz deyarli har hafta bu gapni aytishdan charchamayapmiz. Chunki har turda u yerda shakllangan o‘ziga xos Top-7 yo‘llanma uchun o‘zaro kurashishmoqda.
Har ikki jamoa o‘tgan turda asosiy raqiblarga qarshi o‘ynashdi. Frankfurtliklar durang qayd etishgan bo‘lsa, «Bayyer» safarda chiroyli g‘alabaga erishdi va kuchli to‘rtlikka kirib oldi.
«Bayyer»da 48 ochko, «Ayntraxt» 46 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda. Shuningdek, «Leyptsig»da ham 46 ochko mavjud. Demak, «Bayyer» agar g‘alaba qozonsa, ushbu kurashda o‘z imkoniyatini yanada yaxshilab olishi mumkin.
BARSeLONA – VALeNSIYa (14 aprel, 19:15)
«Barselona» chempionlik, «Valensiya» esa kuchli to‘rtlikka kirish masalasini deyarli hal qilgan bo‘lishsa-da, bu o‘yin juda yaxshi afisha, shuningdek, bu juftlikning birinchi davradagi uchrashuvi ham qiziq o‘tgandi.
Bundan tashqari, «Valensiya» hozirda «Real»dan 1 ochko oldinda bormoqda va yakunda madridliklardan yuqori o‘rinni egallash ham muxlislar uchun yoqimli.
«Barselona» esa Rimdagi dahshatdan so‘ng o‘ziga kelib olishi, eng muhimi, muxlislar oldida o‘zini oqlab olishi kerak. To‘g‘ri, hech qanday g‘alaba Chempionlar Ligasi yarim finalini qaytarib bera olmaydi, lekin shunday bo‘lsa ham, muxlis xalqi kechirimli, chiroyli o‘yin bo‘lishi shart.
Boshqa tarafdan, ikki oydan keyin jahon chempionati boshlanadi. Mavsumning asosiy musobaqasidan chiqib ketgan «Barselona» yetakchilari endi aynan o‘sha musobaqa haqida qayg‘urishni boshlashlari va imkon qadar jarohat olmaslikka intilishlari ham mumkin.
TOTTeNHeM – MANCheSTeR SITI (14 aprel, 23:45)
«Manchester Siti» o‘tgan turda chempionlikni rasman hal qilish imkoniyatini boy berib qo‘ydi va endi Pep Gvardiola jamoasi qolgan 6 o‘yindan 2tasini o‘z foydasiga hal qilishiga to‘g‘ri keladi. Bunga vaqt ham, hafsala ham yetarli, zero «shaharliklar» seshanba kuni «Liverpul»dan mag‘lubiyatga uchrab, Chempionlar Ligasidagi kurashni to‘xtatdi.
Atigi o‘n kun oldin Pep Gvardiola Angliyani mahv etgani haqidagi har qanday mulohaza tasdiq bilan quvvatlangan bo‘lsa, endilikda, mavsum oxiriga kelib, biroz boshqacha kayfiyat yuzaga keldi. Bir hafta ichida «Manchester Siti» uch bora mag‘lubiyatga uchradi va hammasi ingliz klublaridan. Agar o‘z maydonida juda kuchli o‘ynaydigan «Tottenhem» bu an'anani davom ettirsa, «Siti» juda og‘ir zarbani qabul qilgan bo‘ladi.
«Tottenhem», ayniqsa, Pochettino bilan bu ishga qodir, chunki argentinalik murabbiy qo‘l ostida londonliklar ikki yil «Siti» uchun o‘ta noqulay raqib hisoblanib keldi va 4 o‘yindan uchtasini o‘z foydalariga hal qilib, bir marta durang o‘ynagandi. Faqat dekabr oyida «Etihad»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar osonlik bilan (4:1) g‘alaba qozondi.
Turnir nuqtai nazaridan, o‘yinni u darajada hayot-mamot deyish qiyin. Faqat «Manchester Siti»ning chempionligini biroz tenglashtirishi yoki «Tottenhem»ning kuchli to‘rtlik uchun kurashda amaliy tomondan g‘olib qilishi mumkin. «Tottenhem» hozirda «Chelsi»dan 10 ochko oldinda bormoqda, agar bu turdan keyin ham farq qisqarmasa, «Chelsi»ni bemalol Yevropa Ligasiga kuzatsak bo‘ladi.
MILAN – NAPOLI (15 aprel, 18:00)
A Seriyada ajoyib seriya namoyish etib, hatto kuchli to‘rtlikka yaqinlashgan «Milan» bosh murabbiy Gattuzo bilan yangi shartnoma tuzishni boshladi hamki, ishlar chappasiga ketdi. Milanliklar uch o‘yindan beri g‘alaba qozona olishmayapti – «Yuventus» va «Inter» bilan o‘yinlarni tushunsa bo‘ladi, lekin o‘tgan turda «Sassuolo» bilan zo‘rg‘a durangga erishishni oqlash qiyin.
Bu safar «Milan» endi «Napoli»ni to‘xtatishga urinib ko‘radi. Mehmonlarning ochko yo‘qotishi «Milan»ning ashaddiy raqibi «Yuventus» uchun chempionlik eshiklarini ochishini unutmaslik kerak.
ShALKe – BORUSSIYa DORTMUND (15 aprel, 18:30)
Germaniyaning ham o‘z derbilari bor va ulardan eng asosiysi Rur derbisidir. Bu safar bu o‘yin turnir nuqtai nazaridan ham intriga tusini olgan. Har ikki jamoa kuchli to‘rtlik uchun kurashmoqda.
Hozir «Shalke» va «Borussiya» mos ravishda 52 va 51 ochkodan to‘plab, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab turgan bo‘lishsa-da, yuqorida tilga olingan narigi jamoalar ham uzoqda emas, ya'ni mag‘lubiyatga uchragan taraf so‘nggi turlar uchun vaziyatni keskinlashtirib yuborishi mumkin.
Albatta, bu fursatda jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan birinchi davradagi o‘yinni ham eslab o‘tmasak bo‘lmaydi. O‘shanda qatorasiga bir necha o‘yinda g‘alaba qozona olmagan «Borussiya» derbining ilk 25 daqiqasida «Shalke» darvozasiga 4 gol urgan va o‘ziga xos tarzda «qaytish» qilmoqchi ekanini namoyish etgandi. Ammo ikkinchi bo‘limda «Shalke» o‘yinda tub burilish yasab, so‘nggi daqiqalardagi gol bilan hisobni 4:4 qilishning uddasidan chiqqan.
PSV – AYaKS (15 aprel, 19:45)
Erediviziyadagi oxirgi 20 mavsumning 16tasida shu jamoalardan biri chempion bo‘lgan. Ajoyib futbol maktabi, o‘ziga xos futbol uslubi bilan maqtana oladigan, bir qator top yulduzlar Yevropaga kirib kelishlarida ilk bekat bo‘lgan bu jamoalar bu safar ham Niderlandiya chempionati turnir jadvalini boshqarib kelmoqda.
30 turdan keyin peshqadam «PSV» bilan eng yaqin ta'qibchi «Ayaks» o‘rtasidagi farq 7 ochkoni tashkil qilmoqda. Demak, bu o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonsa, farq 10 ochkoga yetadi va rasman Erediviziya chempioni nomi ma'lum bo‘ladi.
GALATASAROY – ISTANBUL BAShAKSheHIR (15 aprel, 21:00)
Shu paytgacha biz Istanbul derbisi, umuman Turkiya chempionati deganda, «Galatasaroy», «Fenerbahche» va «Beshiktosh»ni tushunardik. Lekin so‘nggi 3-4 yilda «Istanbul» ham katta qadamlar tashladi. Jamoa avvaliga Yevropa Ligasi zonasida mavsumni yakunlagan bo‘lsa, o‘tgan yili chempionlik uchun munosib kurashdi. Bu safar esa, Abdulla Ovchi shogirdlari mavsum tugashiga 6 tur qolganda turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda.
«Galatasaroy» raqibidan 2 ochko ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egallab turishibdi. Demak bu o‘yinni nafaqat derbi, balki chempionlik matchi deb ham atash mumkin. G‘alaba mezbonlarni musobaqa peshqadamiga aylanadi, aks holda, «Istanbul» tarixda ilk bor Turkiya chempioni bo‘lish uchun yana bir dadil odim tashlagan bo‘ladi.
Aslida, «Istanbul» nomi ko‘pchilik uchun yangi bo‘lsa-da, jamoa tarkibida nafaqat Turkiya, balki Yevropa miqyosidagi yulduzlar to‘p suradi. Gael Klishi, Manuel De Kosta, Aurelen Shejju, Emre Belezo‘g‘li, Go‘khan Inler, Arda Turan, Elario Elia, Emmanuel Adabayor – bu futbolchilarning mahorati ham, tajribasi ham Turkiyadagi gigemon uchlikni ag‘darishga bemalol yetadi.
BeNFIKA – PORTU (15 aprel, 22:00)
Portugaliya futbolidagi El Klassiko. Bu safargi o‘yin shuningdek, chempionlik masalasiga ham jiddiy ta'sir qiladi.
2018 yilda umuman mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan «Benfika» 9 o‘yindan buyon faqat g‘alaba qozonmoqda. Natijada, o‘tgan turda «Portu»ni quvib o‘tib, turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi. «Portu» esa, biroz beqaror o‘yin o‘tkazmoqda, xususan, safardagi so‘nggi 2 o‘yinda jamoa imkoniyatni boy berdi.
Demak, jamoalar o‘rtasidagi farq atigi 1 ochko, mavsum tugashiga atigi 6 tur qolganini e'tiborga olganda, bu o‘yin g‘olibi yakunda mamlakat chempioni bo‘lishi mumkin.
LATsIO – ROMA (15 aprel, 23:45)
Shu abzatsni o‘rningizdan turib o‘qishingizni iltimos qilamiz – «Roma»ga qarsaklar. Rimliklar hech kim kutmagan joyda, hech kim kutmagan paytda Chempionlar Ligasidagi eng katta o‘yinlardan birini namoyish qilib berishdi.
Bayram qilishga vaqt yo‘q. Katta ehtimol bilan endi «Roma» uchun sevimli turnirga aylanadigan Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ushbu derbida ham g‘alaba qozonish shart.
Har ikki jamoa 60 ochko bilan 3-4 o‘rinlarni egallab turishibdi, lekin 5-o‘rindagi «Inter»da atigi 1 ochko kam xolos. Ya'ni, yutqazgan jamoa ushbu turni kuchli to‘rtlikdan tashqarida tugatishi mumkin.
PSJ – MONAKO (16 aprel, 23:55)
Ko‘pchilikning esidan chiqib ketgandir, «PSJ» degan jamoa haliyam bor va ular mavsumdagi ikkinchi sovrinini qo‘lga kiritishga yaqin turibdi. Bu safar ham raqib - «Monako». Ikki hafta oldin bu jamoalar Fransiya Liga kubogi finalida to‘qnash keldi va parijliklar osonlik bilan g‘alaba qozonib, qatorasiga to‘rtinchi marta ushbu kubok sohibi bo‘lgandi.
Bugungi o‘yinning o‘ziga xosligi – «PSJ» agar g‘alaba qozonsa, kuchli beshlikda ikkinchi bo‘lib chempionlik masalasini rasman hal qiladi. Hozir bu jamoalar o‘rtasidagi farq 14 ochkoni tashkil qilmoqda, demak mezbonlarning g‘alabasi bu farqni 17taga olib chiqadi. Mavsum tugashiga 5 tur qolganda bu farqni yo‘qqa chiqarish nazariy tomondan ham imkonsiz.
BOShQA O‘YINLAR
14 APReL: «Sauthempton» – CheLSI (16:30), «LIVeRPUL» – «Bornmut» (21:30) «Atalanta» – «INTeR» (23:45)
15 APReL: «Nyukasl» – «ARSeNAL» (17:30), «ATLeTIKO» – «Levante» (19:15), «MANCheSTeR YuNAYTeD» – «Vest Bromvich» (20:00), «YuVeNTUS» – «Sampdoriya» (21:00), «Malaga» – «ReAL» (23:45)
Mavzuga oid
15:13 / 05.10.2024
«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
18:27 / 15.09.2023
«Bavariya» peshqadamga qarshi, Milanda derbi, «MYu» va «Real» uchun jiddiy sinov
16:28 / 01.01.2022
Londonda ustoz-shogird to‘qnashuvi, «Chelsi» - «Liverpul», «Real» va «Barsa» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi
17:15 / 06.11.2021