21:23 / 16.04.2018
38713

Prezident Sirdaryo misolida xalqqa murojaat qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda nutq so‘zlab, go‘yoki Sirdaryo misolida butun millatga murojaat etdi. Ushbu nutqni yakunlovchi qismini e'tiboringizga havola etamiz.  

«Bir-birimizga bo‘lgan munosabatimiz ilohim abadiy bo‘lsin. Nima uchun o‘zim yuribman? Ba'zilar aytadi «Eh, bu prezidentning ishimi?!»​. Kechirasizlar, lekin men bitta insonni ish bilan ta'minlashga yuz kun yurishga tayyorman. Bitta narsadan roziman: bugungi Sirdaryo viloyatining tadbirkorlari kechagi tadbirkorlar emas. Ularning menga qo‘yayotgan savollaridan men juda ham roziman. Ishonaman, yo‘limiz to‘g‘ri, ishonaman, odamlarimiz salgina bo‘lsa ham ishonyapti. Ishonaman, to‘siqlar-korrupsiya, poraxo‘rlik, oldingi noinsoflik, balandparvoz gaplar yo‘qligini odamlarning ko‘zi bildirib turibdi. Shu menga kuch beradi. Albatta bir yilda, ikki yilda yoki uch yilda bunday katta-katta islohotlarni qilish oson emas. Har bir qo‘ygan qo‘ling, «sen prezidentsan»​, xalqning oldida javob berasan.

Men qo‘l qo‘yishdan avval yuz karra, ming karra o‘ylaymanki, uzoq qishloqda o‘tirgan onamiz, otamiz, ukamiz, o‘g‘limiz nima deyar ekan, unga nima yordam beradi, shu to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi, meni har safar qiynaydi. Har kuni ertalab Alloh Taolodan so‘raymanki, kuch bergin, aql bergin deyman. Nimaga? Bunday katta va buyuk davlatning odamlarining ertangi kunini xotirjam, tinchlikda, osoyishtalikda ularning niyatlarini amalga oshirishda, ularga yelkadosh bo‘lish, hamnafas bo‘lish hammaga ham nasib qilmagan. Shuning uchun albatta bugun mana shunday katta niyatlar qilganimizda har safar mana shu Sirdaryo misolida aytmoqchimanki, qo‘limizdan kelmagan ish yo‘q aslida. Biz hammamiz birlashib, sadoqatli bo‘lib, gina, g‘iybatlarni unutib, bir-birimizga to‘g‘ri gapirish kerak bo‘lgan vaqtimiz keldi. Alloh Taolodan boshqa hech kimdan qo‘rqmanglar. Sirdaryoni bilasizlarmi qanday tasavvur qilaman? Shunday bir chiroyli, iqtisodi, sanoati, tadbirkorlik rivojlangan viloyat bo‘lishiga ishonaman.

Sirdaryoning xalqi ko‘p millatli xalq.Sirdaryoda hech qachon g‘iybat bo‘lmagan. O‘sha og‘ir paytlarda ham Sirdaryo boshqacha viloyat bo‘lgan. Boshqacha tomoni shu bo‘lganki, bir oila bo‘lib yashaganmiz. Bu sizlarning natijalaringiz, muvaffaqiyatlaringiz va g‘alabalaringiz desam to‘g‘ri bo‘ladi. Shunga ko‘z tegmasin. Dunyo hamjamiyatini oldida kechagidan bugun, bugungidan ertaga nisbatan yaxshi ishlashimiz kerak. Biz qanchalik hozir qiynalib mehnat qilsak, qilgan narsalarimizni amalga oshira olsak, nutq so‘zlagan oqsoqolimiz aytgandek, o‘zimizning bobolarimizga munosib bo‘lamiz. Mahalla raisi, hokim, prokuror, ichki organ xodimlari ham Xudo nasib qilgani uchun o‘tiribdi lavozimida. Munosibmanmi yo‘qmi, deb aytsak, tepada turgan Alloh bizga bahoni to‘g‘ri beradi.

Sirdaryoda o‘zgarish bor. Buni hech kim inkor qilmaydi. Ertaga nima qilishimiz, rejamiz aniq. Ertadan boshlab Sirdaryo namunasi, sadoqat namunasi (elga, vatanga,oilaga) tashabbusi bilan chiqsangizlar men sizlardan rozi bo‘laman. Men Sirdaryoga ko‘proq ishonaman. Nega desangizlar Sirdaryoni, cho‘lni obod qilgan bobolaringiz ishini sizlar  qilasizlar. Boshqa hech kim qilmaydi. Ilohim mana shunday yaxshi kayfiyatda ko‘rishish ko‘proq nasib etsin. Oilaviy baxt-saodat tilayman sizlarga. Oilaviy baxt topgan mol-dunyong emas, halol mehnat bilan topgan har narsangiz. Bular odamzodga kuch-qudrat beradi, ishonch beradi. Ana shu ishonch doim sizlarga hamroh bo‘ladi. Sog‘ bo‘linglar»​, deb so‘zlarini yakunlagan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid
Top