11:29 / 08.05.2018
16344

«O‘g‘lim har qanday vaziyatda ham yon-atrofdagilar uchun jonini fido qilishga tayyor edi»

9 may — Xotira va Qadrlash kunida Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va osiyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan, shu yurtning aziz farzandlari xotirasi ham yodga olinmoqda. Vatanning ana shunday mard o‘g‘lonlaridan yana biri — serjant Otabek Karimov (1974–2005) edi.

Otabek Karimov 1974 yilda Andijon viloyati Andijon tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda tumandagi 4-umumiy o‘rta maktabni bitirib, 1992 yilda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 1994 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirgan. 2002 yildan boshlab DXX Terrorizmga qarshi kurash  maxsus brigadasi Andijon maxsus otryadida xizmat qilgan.

2005 yil 13 mayda Andijon shahrida sodir etilgan terroristik harakatlarga qarshi olib borilgan kurashda jangovar vazifani bajarayotgan vaqtda halok bo‘lgan.O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga binoan 2005 yilda vafotidan so‘ng II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlangan.

Inson hayoti uning necha yil umr ko‘rgani bilan emas, el-u yurtga tekkan nafi, jamiyatga keltirgan foydasi, atrofdagilarga ko‘rsatgan yaxshiliklari bilan baholanadi. Tinchlik-xotirjamlikda qarshi olayotgan har bir tongimiz, tan-u jonimiz sog‘ligi, farzandlarimiz baxt-u iqboli uchun Vatan himoyachilaridan minnatdor bo‘lishimiz lozim.

O‘zining qisqa umri davomida Vatanni qanchalik sevish, asrab-avaylash va himoya etish kerakligini o‘z jasorati, mardligi orqali namoyon etib ketgan Otabek Karimov mana shunday yurtdoshlarimizdan biri edi.

Ojiz va muhtojlarni himoya qilish, ularga yordam berishdek yuksak insoniy tuyg‘ular bolaligidanoq Otabekning qalbidan joy olganini uning onasi Maqsuda Karimovaning quyidagi hikoyasidan bilib olish mumkin.

— O‘g‘lim 7 yoshli paytida oyog‘i og‘rib qoldi. Tuman markaziy shifoxonasida uni olib yotishimga to‘g‘ri keldi. Aksiga olib, 8 oylik qizim Hayitxon ham betoblanib qoldi. Bir paytning o‘zida ikki farzandimga qarayman.

Bir kuni bolalarim navbatdagi ukolni olib bo‘lishgach, uxlab qolishdi. Men paytdan foydalanib, idishlarni yuvish uchun tashqariga chiqdim. Shunda birdan yer qimirlab qoldi. Shoshib qolganimdan nima qilishimni bilmayman. Qarasam, hamma tashqariga qochib chiqyapti. Xayolimga bolalarim keldi. Qo‘limdagi idishlarni yerga tashlab, o‘zimni ichkariga urdim. Xonaga kirib, ne ko‘z bilan ko‘rayki, bolalarim o‘rnida yo‘q. Dodlagancha ularni izlayapman, qayoqqa borishniyam, nima qilishniyam bilmay qoldim. Yonimdagi ayollar meni yetaklagancha tashqariga olib chiqishdi. Hovlining bir chetida singlisini mahkam bag‘riga bosgancha, bolajonim men tomonga mo‘ltillab qarab turganini ko‘rganimdagi holatni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Shunda o‘g‘limning har qanday vaziyatda ham yon-atrofdagilar uchun jonini ham fido qilishga tayyor ekanligini anglab yetganman. O‘zi oyog‘i og‘rib, ko‘maksiz yura olmayotgan bola favqulodda bir holatda singlisini ko‘tarib pastga, tashqariga olib chiqqan!

Otabekni eslasam, shu holat ko‘z oldimga kelaveradi. Qismat ekan, o‘g‘lim boshqalarning hayoti uchun o‘zini qurbon qildi. Men undan roziman.

2005yil 13 may kuni Andijonda sodir bo‘lgan mash'um voqeani nafaqat shahar, butun mamlakat ahli hech qachon unutmaydi. Yurtimiz tinchligi, taraqqiyotini ko‘rolmagan  johillardan iborat jinoiy to‘da tomonidan uyushtirilgan terrorchilik harakatlarida bir qancha begunoh yurtdoshlarimiz halok bo‘ldi. Harbiylarimiz va boshqa huquq-tartibot organlarida xizmat qilayotgan mard va jasur yigitlarimiz jinoyatchilarga qarshi kurashib, ularni mahv etdi. Ular safida Otabek Karimov ham jangovar vazifalarni bajarishda ishtirok etib, tinch aholi hayotini saqlash yo‘lida o‘z jonini fido qildi.

— Otabek akam shu paytda ta'tilda edi, — deb xotirlaydi turmush o‘rtog‘i Umidaxon. — 12 may kuni birga tushlik qilib o‘tirgan paytimizda o‘zini g‘alati seza boshladi. «Umidaxon,— dedi bosiqlik bilan,— sizdan bir iltimosim bor. Men Vatan xizmatidaman. Uning tinchligi, osoyishtaligi uchun kerak bo‘lsa jonimni ham baxsh etishga tayyorman. Ko‘rib turibsiz, xizmat safarlarim ko‘p. Uydan bir chiqib ketgancha, o‘n-o‘n besh kunda qaytadigan vaziyatlar ko‘p bo‘ladi. Meni qanday qismat kutib turganini o‘zim ham bilmayman. Shunday ekan, menga biror gap bo‘lsa iltimos, ikki farzandim bilan shu uyning chirog‘ini so‘ndirmang. Ota-onamning duosini olishga harakat qiling», dedi. Men bu gaplarni o‘sha paytda har doimgi nasihatlardan biri, deb o‘ylagandim. Biroq shumxabarni eshitgach, buni avvalroq sezgan ekan-da, degan fikrga keldim.

13 may kuni ertalab ko‘nglim allanechuk behuzur bo‘la boshladi. Ishga otlangan turmush o‘rtog‘imni qo‘yvorgim kelmadi. «Xizmat ta'tilidasiz-ku, uydan chiqib nima qilasiz?» dedim. U bo‘lsa ishxonasiga borib, do‘stlari bilan diydorlashib qaytishini aytdi. Afsuski, shu ketgancha qaytib kelmadi...

Umidaxon bir qiz va bir o‘g‘ilni oq yuvib, oq tarab, voyaga yetkazmoqda. Otasi izidan borishni niyat qilgan farzandlar o‘z maqsadlari sari dadil odimlamoqda. Kelgusida xizmatda erishajak yutuqlari bilan otasining ishonchini oqlashga, unga munosib o‘g‘il-qiz bo‘lishga harakat qilmoqda. Nilufarxon Ibrohimova ayni paytda Toshkent bojxona institutining birinchi kursida tahsil olmoqda. Samandarbek Ibrohimov kollej o‘quvchisi.

Ayni paytda Otabek Karimov nomini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida unga bo‘lgan munosabatni, undan ibrat olib, Vatanga, xalqqa bo‘lgan muhabbatni shakllantirish borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, u o‘qigan maktabda, tumanda uning xotirasiga bag‘ishlangan sport musobaqalari tashkil etilishi an'anaga aylangan. 4-umumta'lim maktabida hayoti va xizmat faoliyatidan hikoya qiluvchi ko‘rgazma tashkil etilgan.

Hozirda yurtdoshlarimiz bundan-da yaxshi yashash, taraqqiy etish yo‘lida birdamlikda harakat qilmoqda. Har sohada yangilanish, tub burilish, tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi yurtimizning tinchlik-osoyishtaligi, xalqimizning farovonligiga qaratilgan. Mana shunday dorilomon kunlar uchun, odamlarning baxtli hayoti uchun jonini fido qilgan yurt o‘g‘lonlarining xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.

Top