Jahon | 22:48 / 12.05.2018
32117
7 daqiqa o‘qiladi

Amerika orzusi o‘zbekistonliklar nigohida

Foto: Sherzod Qudratxo‘jayev

​Amerikaning buyuk Prezidenti Jorj Vashington sharafiga nomlangan shahar aholi soni bo‘yicha AKShda 27 o‘rinda turadi. AQShga parvoz vaqtida Vashington ancha salqin bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edik. Lekin bizni ilk hayratlantirgan narsa Vashingtondagi oftob bo‘ldi. Quyosh tafti to‘ppa-to‘g‘ri manglayni qizdirish darajasida urib turibdi. Havo issiq. Bamisoli o‘zimizning chilla oftobiga uxshaydi. Oftobdan keyin birpasda yomg‘ir quyadi, xuddiki shakarob suv sepgan kabi. Shuning uchun daraxtlar o‘t-o‘lanlar yam-yashil. Ko‘chalarda chang deyarli yo‘q.

AQShning mashhur Nyu-York va Vashington shaharlari bir biridan farq qiladi. Nyu-York okeanga yaqin, shuning uchun namlik yuqori, avtomobillar ko‘p va tirband bo‘lishiga qaramay, zerikmaysiz. Shuningdek, u osmono‘par imoratlar shahri ham. Va anchayin shovqin. Binolar zich va shahar tirband. Vashington esa birmuncha shinam va sokin shahar. Lekin bu yerda ham hayot tarzi shiddatli. Shunday bo‘lsa-da Nyu-Yorkka nisbatan o‘zingizni biroz yengil sezasiz. Xavosi yengil, shabada esib turadi. Barcha idora va do‘konlar, umuman hamma binolar atrofida gullar ekilgan. Barcha tashkilotlar, ayniqsa biznes sektordagilar “mijoz chaqiruvchi” dizaynerlarni ishga olish urfga kirgan. Albatta, Vashingtondan kutganim osmono‘par binolar edi. Ammo, bu shaharda ular juda kam ekan. Vashington atrofida asosan 2 va 3 qavatli imoratlarni uchratasiz. Ular yog‘och va plastik kabi yengil qurilish materiallaridan barpo qilingan.

Amerikada eng katta muammo – avtoturargoh (parkovkalar)ning yetishmasligi. Bu muammoga safarimizning ilk kunlaridayoq biz ham duch keldik. Katta ko‘chada turgan edik, haydovchimizga 50 dollar jarima belgilandi. Politsiya xodimi xuddi kinolardagidek chek yozib berdi, biz uchun noodatiy holat hech kim qo‘l siltamadi va bahslashmadi xam. Binolar atrofidagi parking xizmati 10 dollardan 25 dollargacha.

Foto: Sherzod Qudratxo‘jayev

Amerika – orzular mamlakati....

Orzu - amerikaliklar uchun eng muhim tushuncha. Va bu oddiy hissiyot emas, balki mamlakatda qadriyatga aylangan . Ular biz kabi “Orzuga ayb yo‘q” deyishmaydi. Ular orzuga ishonishadi. Amerikada mashhur aktyor yoki milliarder, hatto prezident bo‘lish ham oddiy orzu. Faqat boshqa xalqlardan farqi- ular o‘z orzulari uchun kurashadilar, shu g‘oya uchun jonlarini fido qiladilar.

Amerika – emigrantlar mamlakati ham. Uning qudrati ham shunda. Xizmat ko‘rsatish sohasida Efiopiya, Gana, Ukraina, Tunis va Afrika mamlakatlari fuqarolarini ko‘p uchratasiz. Lekin hamma bir xilda - xushmuomala va sertakalluf. Millati va e'tiqodidan qat'iy nazar hamma muomala borasida, guyoki bir xil qiyofali insonlarga o‘xshaydi. Bu yerda juda ko‘p narsani tabassum va ochiqdan-ochiq xushomad hal qiladi.

Va albatta tartib-intizom. Ayniqsa ishda. Chunki Amerikada ish joyini yo‘qotish hayotda hamma narsani yo‘qotish bilan barobar. Kreditga uy va mashina olganlar ish joyini yo‘qotishdan,ayniqsa, ko‘proq qo‘rqishadi. Shuning uchun ham bu yerda odamlar o‘z ishini imkon qadar vijdonan va tartibli bajaradi. Ishsiz qolish bu mamlakatda fojia bilan teng. Amerikaliklar hamma ishni aniq qoida bilan bajaradi. Masalan, yuk tashuvchi bo‘lsa, albatta qo‘lqop kiyib ishlaydi. Qulay ishchi kiyimida, ya'ni korjomada. Oyog‘ida shippak kiyib ishlamaydi. Umuman har bir kasbni o‘zining maxsus kiyimi bor. Tartib mana shu kiyinishdan boshlanadi. Mehnat xavfsizligiga qat'iy amal qilish - yozilmagan qoidalardan biri. Uni hech kim buzmaydi. Bizni transportda olib yurgan tunislik Habib ham doimo oq ko‘ylak va galstukda. Mikroavtobus to‘xtaganda har safar mashinani orqasidan o‘tib, eshikni ochadi va o‘tirganimizda yopadi.. Erinmaydi, g‘o‘daymaydi, "Mersedes haydayapman-ku", demaydi. Bu yerda hamma o‘z ishini sevib bajarishga harakat qiladi.

Foto: Sherzod Qudratxo‘jayev

Amerika qudrati.......

Ko‘pchilik Amerika qudratini harbiy yoki siyosiy salohiyat bilan baholaydi. Lekin, bugun bunday salohiyatga boshqa mamlakatlar ham ega. Men esa Amerika qudratini uning xalqiga xos bo‘lgan juda kuchli ishonchda ko‘rdim. Amerikaliklar Amerikani dunyoda eng qudratli va adolatli davlat, deb ishonishadi. Menga bu yerda mamlakatni siyosatchilar emas, balki amerika xalqining o‘zi boshqarayotgandek tuyuldi. Va bu haqiqatga ancha yaqin. Amerika xalqi juda ko‘p yillar davomida muammolarga oson yechim topish yo‘lini qidirdi. Kuchli siyosatchilar esa xalqning bu orzusini haqiqatga aylantira oldi. Bu yerda muammolar bor, ammo uning yechimlari ham oddiy. Amerikada “Hayot murakkab, lekin unda yashashning juda oddiy yo‘llari bor”degan tushuncha ustuvor. Bunga erishishning yagona yo‘li – bu mehnat va uddaburonlik.

Xalqning siyosiy irodasi va tanlovi haqida gapirganda albatta amerikaliklarning o‘ziga xos an'anasini eslamaslikning iloji yo‘q. Yillar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan an'ana – bu Amerikada xalqning saylovlarda yo demokratlar yoki respublikachilarga ovoz berishidir. Amerikada Kongressdagi joy uchun kurash adolatli va barcha shtatlar uchun teng. Shuning uchun bu yerda “Eng obro‘li va nufuzli kongressmenlar Nyu-York va Vashingtondan bo‘lsa kerak” deganlar yanglishadi. Katta va kichik shtatlarning farqi faqat o‘lchamida, xolos. U yerdan saylangan kongressmenlar ham jiddiy ob-havo qila oladilar. Siyosiy kurash va obro‘ qozonish maqsadini maqola avvalida aytganimizdek, orzularga qattiq ishonish, mehnat va uddaburonlik fazilati hal qiladi.

Foto: Sherzod Qudratxo‘jayev

Yana bir muhim jihati amerikaliklar Xudojo‘y, bekorga "In God we trust" (Xudoga biz ishonamiz) ularning milliy g‘oyasiga aylanmagan..

Ochig‘i, Amerikada menga xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning mashhur she'ridagi satrlar hamrohlik qilmoqda desam mubolag‘a bo‘lmaydi .

“... Amerika sehrli diyor, uxlar edi Kolumb ham hali.

Dengiz ortin yoritdi ilk bor, Beruniyning aql mash'ali...”,

Amerikada safarimiz davom etmokda. Yangi taassurotlar bilan albatta bo‘lishamiz.

Sherzod Qudratxo‘jayev

Mavzuga oid