16:22 / 19.05.2018
5893

Qonunchilik palatasida Hisob palatasi hisoboti ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda deputatlar o‘z konstitutsiyaviy vakolatlari doirasida Hisob palatasining 2017 yilgi hisobotini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Rustamov hisobot bilan so‘zga chiqdi. Ta'kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi mamlakatimizning eng oliy tashqi audit va moliyaviy nazorat organi hisoblanib, Oliy Majlis palatalariga hisobdordir. 

Taqdim etilgan axborotda ta'kidlandiki, Hisob palatasining o‘tgan yilgi faoliyatida Davlat byudjyeti loyihasi parametrlari shakllantirilishi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligini tizimli tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta'minlanganligining tashqi auditini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilgan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlari, shuningdek soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihasini takomillashtirish bo‘yicha 32 takliflar bildirdi. Davlat byudjyeti daromadlari prognozi loyihasi Hisob palatasining 10 ta takliflari asosida qayta ko‘rib chiqilib, 1,4 trln. so‘mga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.

Mahalliy byudjyetlarga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash natijasida, byudjyetga qariyb 120,0 mlrd. so‘m qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi. Jumladan, Samarqand viloyatida 27 mlrd. so‘m, Toshkent viloyatida 21,4 mlrd. so‘m, Namangan viloyatida 6,3 mlrd. so‘m hamda Toshkent shahrining Olmazor tumanida 30,4 mlrd. so‘m, Bektemir tumanida 19,4 mlrd. so‘m va Sergeli tumanida 13,3 mlrd. so‘m qo‘shimcha daromadlar aniqlangan.

 

Top