O‘zbekiston | 20:33 / 21.05.2018
4984
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elektron savdoni rivojlantirishda Openbucks ko‘magiga tayanishi mumkin

Foto: AFP / DENIS CHARLET

«Elektron tijorat» sohasida innovatsion xizmatlar uchun dasturlar ishlab chiqaruvchi AQShning Openbucks Corp. kompaniyasi bilan O‘zbekistonda elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi doirasida amalga oshirilgan.

Ma'lum qilinishicha, imzolangan hujjat bilan O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish uchun «yo‘l xaritalari»ni  tayyorlash va o‘zbek tadbirkorlarining global savdo platformalariga hamda elektron to‘lov tizimlariga kirishini kengaytirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning Kremniy vodiysidagi elchisi etib tayinlangan Openbucks asoschisi Mark Rochman bundan ikki oy avval O‘zbekistonda «Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi, UZINFOCOM yagona integratori mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

Mutaxassis  yaqin masofada kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish texnologiyasini rivojlantirish, PayPal, Alipay, Visa hamda Mastercard kabi xalqaro to‘lov tizimlarini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashgan.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston hududida elektron pul aylanmasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat 2019 yil 1 yanvargacha tayyorlanadi. Shundan keyin elektron tijorat kelishuvlarida elektron pullar, shu jumladan xorijiy elektron hamyondagi mablag‘lar orqali to‘lovlarni amalga oshirish tartibi belgilanadi.

Bundan tashqari, Tashqi savdo vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda yetakchi xorijiy savdo maydonchalari (ebay, Amazon va boshqalar), to‘lov tizimlari (Paypal) bilan muzokaralar o‘tkazishni tashkil etib, o‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha mahalliy tadbirkorlik sub'yektlariga ushbu savdo maydonchalari va to‘lov tizimlari orqali tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini yaratish bo‘yicha aniq takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Mark o‘tgan yili 29 noyabrda Toshkent shahridagi Inha universitetida ilk marta tashkil qilingan  Silicon Valley Talks loyihasi doirasida ma'ruza o‘qigandi.  IUT va AQShning Openbucks korporatsiyasi 2017 yil sentabr oyida  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga amaliy tashrifi doirasida ham o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolagandi.

Mavzuga oid