Jahon | 00:30 / 29.05.2018
12481
2 daqiqa o‘qiladi

Roman Abramovich Isroilning eng badavlat kishisi deya e'tirof etildi

Rossiyalik ishbilarmon Roman Abramovich dushanba kuni Isroilning eng badavlat kishisi deya e'lon qilindi. The Times of Israel shu haqida ma'lum qilib, uning boyligi ayni damda 12,5 milliard dollarni tashkil qilishini qayd etdi.

Manbaga ko‘ra, Abramovich Tel-Avivning nufuzli Neve-Tsedek tumanida joylashgan qarorgohda yashaydi, milliarder uni "Mo‘'jiza-ayol" blokbasterida bosh rolni ijro etgan isroillik aktrisa Gal Gadotdan sotib olgan. Ishbilarmon yangi fuqaro sifatida 10 yilga Isroil hududida soliqlardan ozod qilinadi, deyiladi gazetada.

Abramovich avvalroq David Ben-Gurion nomli aeroportga o‘zining xususiy samolyotida kelgan edi. Aeroportdagi jarayonlarga muvofiq u Isroil ichki pasportini qo‘lga kiritdi. Unga Isroilning xorijga chiquvchi pasporti berilgan yoki yo‘qligi haqida ma'lum qilinmagan. The Times of Israel nashrida ta'kidlanishicha, ishbilarmon o‘tgan hafta Isroilning Moskvadagi elchixonasida fuqarolikni olish uchun barcha zarur hujjatlarni to‘ldirgan.

24 may kuni Isroilning Israel Hayom gazetasi Abramovich Buyuk Britaniya vizasini olish bilan bog‘liq muammolardan keyin Isroil fuqaroligini olishga qaror qilgani haqida xabar bergan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid