Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning o‘qituvchilar va vrachlarga nega ko‘proq maosh to‘lash kerakligi va buning uchun soliq tizimida qanday islohotlar o‘tkazilishi kerakligi xususidagi fikrlarini Repost.uz sayti e'lon qildi.
Soliq islohotiga shoshilmaslik tarafdorlari, iqtisodiyotga soliq yukini kamaytirishga qarshilarning bosh dalili — go‘yoki mamlakatimizda ijtimoiy himoyalanganlik darajasi juda yuqori ekanligida. «Soliq yuklamasini kamaytirmaslik kerak, uning bu darajada yuqori ekanligiga sabab, biz o‘qituvchilar, vrachlar va pensionerlarga ko‘p xarajat qilamiz. Soliq islohoti byudjyetga tushumlarni kamaytirishi mumkin, binobarin, bu ijtimoiy larzalarni keltirib chiqaradi», — deyishadi ular.
Chindan ham, ijtimoiy xarajatlar byudjyetimizda katta o‘rin tutadi, byudjyet va byudjyetdan tashqari davlat fondlari orqali mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) ning kamidan uchdan bir qismi qayta taqsimlanadi. Bunday yuqori soliq yuklamasini faqatgina juda badavlat davlatlar o‘ziga ep ko‘rishi mumkin.

Rivojlanayotgan davlatlarda mazkur ko‘rsatkich odatda 1,5–2 barobar kichik bo‘ladi. Bu tushunarli: chunki iqtisodiyotga soliq yuklamasi qanchalik katta bo‘lsa, mahalliy tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish xarajatlari shuncha katta, mahalliy tovarlar va xizmatlar raqobatbardoshligi past, aholida iqtisodiy o‘sish imkoniyatlari va daromadlarining oshishi ham kam bo‘ladi. Shu sababli, rivojlanish darajasi bo‘yicha boy davlatlarni quvib yetmoqchi bo‘lsangiz, siz o‘zingizga katta soliq yukini olmasligingiz kerak. Bunday yukni shundoq ham boy bo‘lgan, birovni quvib yetishi shart bo‘lmaganlar o‘ziga ep ko‘rishi mumkin.
Kecha byudjyet xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqlari haqidagi rasmiy ma'lumotlar e'lon qilindi va u mamlakat ijtimoiy sohasini juda yaxshi xarakterlab beradi. Nazarimda, bu holat — eng haqqoniy ijtimoiy larzaning o‘zginasi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring:
Bolalar bog‘chasining oliy ma'lumotga ega, 1,25 stavkada ishlovchi tarbiyachisining maoshi 1,25 million so‘m — 150 dollardan birozgina ko‘p ekan. Barcha ustamalar bilan umumta'lim maktabining oddiy boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining oyligi 1,6 million so‘m ,ya'ni 200 dollar. Oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining maoshi — o‘rtacha 1,9 million so‘m. Biz o‘zimizda bo‘lgan eng qimmatbaho ne'mat — farzandlarimizni ishonib topshirgan odamlar shuncha olishadi.










