Ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi to‘loviga Davlat byudjyetidan ajratilgan mablag‘lar va ularning miqdorlari to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligini oshirish maqsadida Moliya vazirligi quyidagilarni ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2018 yilda ijtimoiy sohani moliyalashtirish uchun Davlat byudjyetidan 35 034 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 68 foizi ish haqi to‘lovlari uchun yo‘naltirilgan. Jumladan, ish haqi to‘lovlari quyidagicha taqsimlangan:

xalq ta'limiga – 12 169,8 mlrd so‘m;

oliy va o‘rta maxsus ta'limga – 4 007,9 mlrd so‘m;

sog‘liqni saqlashga – 6 835,3 mlrd so‘m;

madaniyat va sportga – 741,5 mlrd so‘m.

Byudjyet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning ish haqlari (bazaviy) tarif stavkalaridan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlardan iborat.

Misol uchun:

1. Umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining (malaka toifalarisiz) ish haqi bazaviy tarif stavkasi 1 133 ming so‘mni tashkil etadi. Sinf rahbarligi biriktirilgan o‘qituvchilar uchun 172,2 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov, daftar tekshirishganlik uchun qo‘shimcha 86,1 ming so‘m hamda o‘rtacha 20 foiz – 226,7 ming so‘m (eng yuqori miqdori 40 foiz) miqdorida direktor jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamani hisobga olgan holda 1 618,8 ming so‘mni tashkil etadi.

Umumta'lim maktablaridagi xuddi shunday qo‘shimcha to‘lovlarga ega bo‘lgan oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining ish haqi oliy toifa uchun qo‘shimcha to‘lovlarni qo‘shib hisoblaganda 1 908,8 ming so‘mni tashkil etadi.

Belgilangan to‘lovlar bilan bir qatorda chet tili o‘qituvchilari uchun quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha oylik ustamalar belgilangan:

qishloq joylarda joylashgan ta'lim muassasalarida – bazaviy tarif stavkaning 30 foizi miqdorida;

boshqa ta'lim muassasalarida –15 foiz.

2. Oliy ma'lumotga ega, malaka toifasiz, bir stavkada ishlovchi (haftasiga 36 soat) maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisining ish haqi moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasidan 15 foiz ustama bilan qo‘shib hisoblaganda 999,2 ming so‘mni tashkil etadi. 9 soatlik ish rejimida 1,25 stavkada (9 soat * 5 kun = 45 soat; 45 soat / 36 soat = 1,25 stavka) ishlovchi tarbiyachining ish haqi miqdori 1 249,0 ming so‘mni tashkil etadi.