Mundialni kutib. Tanishtiruv: Tunis
TUNIS TeRMA JAMOASI
Laqabi: “Karfagen burgutlari”
Konfederatsiya: AFK
Libos rangi: oq/qizil
FIFA reyting o‘rni: 51
Jamoa sardori: Vahbi Xazri
Terma jamoa tarixidagi eng ko‘p gol urgan: Issam Jyema (36)
Terma jamoa tarixida eng ko‘p maydonga tushgan Sadok Sassi (116)
Eng yirik g‘alaba: Xitoy Taypei 8:1 (1960)
Eng yirik mag‘lubiyat: Vengriya 1:10 (1960)
TARIXI
Tunis terma jamoasi jahon chempionati final bosqichida ilk bor 1978 yilda ishtirok etgan. Avvalgi mundialning ikki sovrindori joy olgan murakkab guruhni tunisliklar Meksika ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan boshlashdi. Bu g‘alaba jahon chempionatlari tarixidagi Afrika jamoalarining ilk g‘alabasi bo‘lganiga ham e'tibor bering. Qizig‘i, Tunis shundan so‘ng ham yana uch mundialda qatnashganiga qaramasdan, o‘sha g‘alaba Tunis uchun hamon yagonaligicha qolmoqda.
2-turda Polshadan 0:1 mag‘lub bo‘lingach, so‘nggi turda GFR ga qarshi o‘yin kutib turardi. Nemislarni bu o‘yinda durang qoniqtirar, afrikaliklar esa, g‘alaba qozonishlari shart edi. Jahon chempionlari o‘sha o‘yinda imkoni boricha vaqtni cho‘zish va 0:0 hisobini saqlab qolishga urinishdan uyalmadilar. Hisob ochilmadi, ammo Tunis turnirni boshni ko‘targan holda tark etdi deyish mumkin.
Keyingi mundial Tunisliklar uchun 20 yildan keyin bo‘ldi. 1998-2006 yillarda qatorasiga 3 jahon chempionatida ishtirok etishdi. Har safarida guruhda faqat bir durang bilan kifoyalangan Tunis har safar so‘nggi o‘rinni band etaverdi. 1998 yilda Ruminiya, 2002 yilda Belgiya, 2006 yilda esa, Saudiya Arabistoni terma jamoalari bilan o‘yinlarda “Karfagen burgutlari” mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi.
Albatta, Tunis futboli tarixida jahon chempionatlaridan tashqari ham yorqin lahzalar bor. Aslini olganda, har safar JCh saralashlarida vazifani uddalash ham Afrika jamoalari uchun katta muvaffaqiyat sanaladi, demak, 1996-2006 yillarda Tunis futboli Afrikaning eng barqaror natijalarga erishgan deyish mumkin. Shuningdek, 2004 yilda aynan Tunisda tashkil etilgan Afrika Millatlar Kubogida mezbonlar zafar quchgandilar. Pley-offda Senegal, Nigeriya va Marokash kabi qit'aning eng kuchli terma jamoalari bilan o‘yinlar juda katta hodisaga aylangan va Tunis bu o‘yinlarda g‘alaba qozongandi.
Mana shu yuqorida aytgan barqaror davr boshlangan 1996 yilda ham Tunis Afrika kubogi sovrindori bo‘lganini ta'kidlash kerak. O‘shanda Tunis finalda maydon egalari bo‘lmish Janubiy Afrika Respublikasiga qarshi o‘yinda 0:2 hisobida yutqazgandilar.
MURABBIY
Rossiya-2018 uchun kurashni Tunis polshalik murabbiy Xenrik Kasperchak qo‘l ostida boshlagandi. Ammo u sikl oxirigacha ishlay olmadi. Aslida saralashdagi holat u qadar yomon emas, Mavritaniyaga qarshi o‘yinlardagi ikki g‘alaba Tunisni uchinchi bosqichga olib chiqqandi. Ammo Afrika kubogi – 2017 dagi muvaffaqiyatsizlik uchun uni kechirishmadi. Tunisliklar guruh bosqichida kuchli Jazoir terma jamoasini ortda qoldirgan bo‘lishsa-da, chorak finalda Burkina Fasoga imkoniyat boy berilgandi. Shuningdek, murabbiyni terma jamoa yetakchilari bilan ziddiyatlari ishonchning yo‘qolishiga olib keldi.
Kasperchak o‘rniga mahalliy mutaxassis Nabil Maalul tayinlandi.
Maalul Tunisda o‘ziga yarasha mashhur sanaladi. O‘z vaqtida u terma jamoa safida ham 74 marotaba maydonga tushgan. Bundesligada o‘ynagan, “Esperans” tarkibida ko‘p karra Tunis chempioni bo‘lgan.
Murabbiy sifatida ham u yangi shaxs emas. Yuqorida eslangan 2004 yilgi Afrika chempionatida Maalul bosh murabbiy yordamchisi sifatida faoliyat olib borgandi. O‘zi o‘ynagan “Esperans”ni ikki marta mamlakat chempioniga aylantirdi.
Ammo aytish kerakki, Maalulning Tunis boshqaruvidagi ishlari u qadar tekis kechmayapti. Misol uchun, o‘tgan yili uning bosh murabbiy sifatida rasman e'lon qilinishi uch haftaga cho‘zilib ketgandi. Buning sababi haqida jim qolindi, lekin aytishlaricha, terma jamoaning uch nafar asosiy yulduzi Maalulning bosh murabbiy bo‘lishiga qarshi bo‘lishgan ekan.
Ali Maalul, Aymen Abdennur va Anis ibn Xatira. Maalulning familiyadoshi qoldi, ammo keyingi sanalgan ikki yulduz yakunda terma jamoadan asta sekinlik bilan chetlashtirildilar.
BUGUNGI TUNIS
Ha, Tunis terma jamoasi deganda Yevropa futbol ishqibozlari aynan Aymen Abdennurni ko‘z oldilariga keltirishsa ajab emas.”Tuluza”, “Monako”, “Valensiya” kabi klublardagi faoliyati bilan tanilgan himoyachi yaqin yaqingacha Tunisning haqiqiy qo‘rg‘oni sanalardi. Ammo yuqorida tilga olingan ziddiyatlar, shuningdek, futbolchining “Valensiya”da zaxirada o‘tirib qolishi sabab yuqori formada emasligi bilan ochiqlanib, Abdennur tarkibga kiritilmayapti.
Abdennurning o‘rniga endi Ali Maalul himoyaning haqiqiy yetakchisiga aylandi deyish mumkin. “Al Ahli” futbolchisi 2014 yildan buyon terma jamoa safida muntazam tushib kelmoqda.
Yaxshigina sermahsul bo‘lgan yarim himoyachi Vahbi Xazrini ham muxlislar yaxshi bilishadi. “Bastiya” safida Fransiyada bir necha mavsum to‘p surgan Xazri “Bordo”ning yetakchilaridan biriga aylangandi va APL jamoalari nazariga tushgandi. Xazri “Sanderlend” tarkibida ham yo‘qolib qolmadi. Sanderlendliklar chempionshipga tushib ketgach, ijara asosida Fransiyaga qaytdi va “Renn” safida 19 o‘yinda 9 gol urishga ham ulgurdi. Xazri bugungi Tunis terma jamoasi safida eng ko‘p (12) gol urgan futbolchi sanalishini ham ta'kidlash joiz.
Kasperchak davrida tunisliklar asosan uch himoyachi bilan o‘ynashni afzal ko‘rishardi, ammo Maalul kelishi bilan bu sxemani o‘zgartirdi va ikki markaziy himoyachi bilan o‘ynashni boshladi. Yarim himoya va hujumda Tunis 4-3-3 ning turli variantlarini sinab ko‘rish imkoniga egalar. Faol hujumchilar bilan 4-3-3 yoki ikki qanot hujumchisini yarim himoyaga o‘tkazgan holda mashhur 4-2-3-1 sxemasiga ham osonlik bilan o‘ta oladilar. Jahon chempionatidagi asosiy raqiblar Tunisdan kuchli hisoblanishi e'tiborga olsak, aynan ikkinchi variant o‘yinlarda asosiy sxema sifatida tanlansa kerak.
Saralash o‘yinlarida Tunis yo‘llanma uchun asosan Kongo terma jamoasi bilan kurash olib bordi. Ayniqsa, Kongoda bo‘lib o‘tgan keskin to‘qnashuv o‘sha guruh taqdirini hal qilgan bo‘lishi mumkin. 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchrab turgan tunisliklar safarda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Aynan o‘sha o‘yin natijasida Tunis va Kongo o‘rtasida 3 ochkolik farq yuzaga keldi. So‘nggi turda esa, Tunis kerakli durangga erishdi va 12 yildan so‘ng yana mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
JCh-2018
Tunis Rossiyadagi guruhdoshlari Angliya (0:2, 1998) bilan ham, Belgiya (1:1, 2002) bilan ham avvalgi mundiallarda duch kelishgan. Panama esa, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati final bosqichida ishtirok etmoqda.
18 iyun kuni Volgogradda Angliya terma jamoasi qarshi Tunis mundialdagi ilk o‘yinini o‘tkazadi. Belgiya bilan o‘yin 23 iyun kuni Moskvada bo‘lib o‘tadi. Guruh o‘yinlarini Tunis 28 iyun kuni Saranskda yakunlaydi.
Qahramon Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
12:24 / 20.02.2024
O‘zbekiston va Tunis mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi
13:24 / 25.10.2023
Yerosti hovli uylarida yashaydigan odamlar – Tunisdagi Matmata shahri haqida
18:17 / 09.08.2023
O‘rta Yer dengizida migrantlar qayig‘i cho‘kib ketib, o‘nlab kishilar halok bo‘ldi
09:42 / 17.07.2023