Jahon | 17:01 / 08.06.2018
26876
2 daqiqa o‘qiladi

«Juda ehtiyotkor». Avstriyalik jurnalist Putin bilan intervyu haqida yangi ma'lumotlar berdi

Foto: ORF

Avstriyaning ORF telekanali jurnalisti Armin Volf Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 4 iyun kuni o‘tkazilgan intervyudan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Politico xabar bergan.

Nashrning ta'kidlashicha, Putin kamdan-kam holatlarda intervyu beradi. Rossiya prezidentining jurnalist bilan deyarli bir soatlik muloqoti Venaga rasmiy tashrifidan avval yuz berdi. ORF telekanali jurnalistining intervyuda qayd etishicha, u suhbatdoshi javoblarini an'anaviy tarzda bo‘lib qo‘ygan, biroq buni odatdagidan kamroq qilgan - 54 daqiqada 11 marta. Armin Volfning aytishicha, intervyudan so‘ng o‘zining xorijiy hamkasblaridan ijobiy reaksiyani ko‘rgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, intervyuga besh kun jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan. U Vladimir Putinning avvalgi barcha intervyularini ko‘rib chiqdi hamda rossiyalik ekspertlar bilan suhbatlashdi.

«Bu eng boshidan murakkab intervyu edi, bunga uchta sabab bor edi», - deya qayd etadi Volf.

Birinchi qiyinchilik shunda bo‘lganki, intervyu televizion shouning oddiy studiyasida emas, balki Kremlda o‘tgan. Ikkinchisi - sinxron tarjima tez reaksiya bildirishni murakkablashtirgan. So‘nggi qiyinchilik esa, Volfning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin «ehtiyotkor suhbatdosh» ekani, hamda savolga ko‘p paytlarda o‘z savoli bilan javob qaytarishida bo‘lgan. Shuningdek, Volfning ta'kidlashicha, u intervyuni uch yarim soat kutgan. Avstriyalik jurnalistning bildirishicha, Rossiya prezidenti «nemis tilida juda yaxshi gaplashadi».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin nemis tilida jurnalistdan o‘z so‘zini bo‘lmaslikni so‘ragandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid