11:27 / 14.06.2018
11584

O‘zbekistonda sintetik va sun'iy qo‘shimchali oziq-ovqat mahsulotlarini taqiqlash taklif etildi

Foto: Depositphotos

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida sintetik va sun'iy qo‘shimchali oziq-ovqat mahsulotlarini taqiqlash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

«Hozirda sintetik va sun'iy qo‘shimchali ichimlik va yeguliklar juda ko‘p ishlab chiqarilmoqda. Tibbiyot xodimlari bunday mahsulotlarning inson salomatligiga salbiy ta'siri haqida ko‘p aytishmoqda va yozishmoqda. Shunday bo‘lsada, bunday oziq-ovqat mahsulotlari hali ham keng reklama qilinmoqda. Chunki, ular tabiiy mahsulotlarga nisbatan ancha arzon. Ammo, ularning zararlari ko‘p, jumladan, ular chanqoqni qondirmay, yanada kuchaytiradi, sintetik rang, ta'm, hid beruvchi vositalar organizmni sun'iy aldab, o‘ziga qaramlikni keltirib chiqaradi», - deyiladi matnda.

Qayd etilishicha, bunday ichimliklar o‘zida ko‘plab tuz va sintetik qo‘shimchalar saqlagani uchun ularni ichish natijasida insonda jigar kasalliklari va buyrak-tosh kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari va onkologik kasalliklar paydo bo‘ladi. Ta'm, rang, hid beruvchi sintetik vositalar orqali tayyorlangan kolbasa, konserva va shirinliklar ham organizmga shunday zararli ta'sir ko‘rsatadi.

«Sintetik va sun'iy qo‘shimchali oziq-ovqat mahsulotlari ta'qiqlansa yoki reklamasi cheklansa, mahsulot qadog‘ida uning salbiy ta'siri bo‘lishi mumkinligi majburiy yozib qo‘yilsa, xalqimiz, avvalo farzandlarimiz sog‘lig‘i, millionlab aholimiz salomatligi ta'minlangan bo‘lardi», - deyilgan murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq temir yo‘l vokzallariga kirib-chiqishni erkinlashtirish taklif qilingandi.

Top