Jahon | 23:26 / 15.06.2018
4349
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro koinot stansiyasining ilk ayol sardori o‘z faoliyatini yakunladi

Foto: NASA

Rekordchi fazogir va Xalqaro koinot stansiyasining ilk ayol sardori Peggi Uitson NASAdagi faoliyatini rasman yakunladi va pensiyaga chiqdi.

“Peggi Amerikaning kuch, irodasining haqiqiy ramziga aylandi. Uning fanga sodiqligi, tirishqoqligi, ongi kuchi va o‘rganish istagi nafaqat NASAni, balki butun mamlakatni ilhomlantiradi. Uning ketishi agentlik tomonidan e'tiborsiz qoldirilmaydi va biz unga mamlakat hamda NASA uchun qilgan barcha ishi uchun minnatdorlik bildiramiz”, deb aytgan NASA rahbari Jim Bridenstayn.

Uitson NASAning asosiy rekordchilaridan biri hisoblanadi. XKSga joriy ekspeditsiya yakunlanguncha u nafaqat koinotda eng ko‘p vaqt o‘tkazgan fazogir hisoblanadi, balki unga fazogirlar tomonidan amalga oshirilgan ochiq koinotga chiqish soni bo‘yicha rekordlar tegishli.

Umumiy hisobda Uitson XKS bortida 665 kun o‘tkazgan va 10 marta ochiq koinotga chiqqan. Bu chiqishlar umumiy hisobda 60 soat 21 daqiqa davom etgan.

Peggi NASAdagi faoliyatini 1986 yilda boshlagan. 10 yil o‘tib u fazogirlar safiga qabul qilingan va 2002 yilda XKSga ekspeditsiyalar doirasida ilk parvozini amalga oshirgan. 2008 yilda u stansiyaning sardori etib tayinlangan va bunga loyiq topilgan ilk ayol bo‘lgan. Uitson koinotga so‘nggi parvozini 2016 yil noyabrda amalga oshirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid