Jamiyat | 23:34 / 24.06.2018
4836
5 daqiqa o‘qiladi

Telegram messenjerida kitobxonlik tanlovi o‘tkazilmoqda

Telegram messenjeridagi “Intellect” guruhida kitobxon yoshlar, kun.uz sayti hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Mutolaa oyligi” loyihasi g‘oliblari aniqlandi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, guruhda har bir oy uchun ma'lum asar mutolaaga tanlanadi, oy yakunida esa o‘quvchilarning mutolaa bo‘yicha bildirgan fikrlari, berilgan savollarga javoblari inobatga olinib “Oyning eng yaxshi kitobxon”lari saralanadi.

O‘tgan oy guruh a'zolari o‘rtasida mashhur turk yozuvchisi Ahmad Lutfi Qozonchining “So‘nggi to‘fon ”asari mutolaaga tanlandi.

Asar mutolaasi bo‘yicha yakuniy tanlovda esa 400dan ortiq yosh kitobxonlar ishtirok etdi. Quvonarlisi, asar mutolaachilarning barchasida ijobiy taassurot qoldirdi.

Buni ishtirokchilarning fikrlaridan xulosa qilish mumkin.

“Dunyo qarama qarshiliklardan iborat: Yorug‘lik-zulmat, ezgulik-yovuzlik, quvonch-g‘am...

-Inson tabiati ham shunday: nafs-qanoat, kibr-samimiyat, sabr-noshukrlik kabilar doimo ziddiyatda, kurashda. Yana inson tabiatida shunday bir qarama-qarshilik mavjudki, u har doim insonni fikrlashga, o‘zi bilan o‘zi kurash olib borishiga majbur etadi. Bu insondagi vijdon tuyg‘usining razolatga qarshi kurashidir. Ahmad Lutfi Qozonchining «So‘nggi to‘fon» asari xech shubhasiz mana shu kurashni, insondagi eng go‘zal fazilatlar bilan bir qatorda undagi eng jirkanch illatlarni g‘oyat ta'sirli badiiy bo‘yoqlar orqali qarama-qarshilantirgan asardir, - Shamshod Najmiddinov.

-Ochig‘ini aytaman men Qozonchining «qozoni»ga bundan bir necha yillar avval tushganim boismi bu asardan unchayin hayratlanmadim. To‘g‘ri to‘lqinlandim, g‘azablandim, yig‘ladim ham... Lekin ruhiyatimda u qadar portlash bo‘lmadi. Chunki u «O‘gay ona»si bilan allaqachonlar portlatib bo‘lgan dunyoyimni. «So‘nggi to‘fon»ga kelsak kishi o‘zini tarbiya etishi uchun yaxshi qo‘llanma bo‘la oladi. Asarni o‘qirkansan yon-atrofingdan Tursunlar, Hasanlarni qidirib qolasan. Bir boshdan eslaysan, savol berasan «Hayotimda uchragan o‘chirg‘ichlarni bilib bilmay, balki yoshlik qilib olib qo‘ymaganmidim»?! Mana shu muallifning eng katta yutug‘i bo‘ladi menimcha, - Aziz Tojimatov.

Bir kuni Farida derazadan qushlarga qararkan, qushga aylanishni, barchasidan voz kechib uzoq-uzoqlarga uchib ketishni xohlaydi. Bu ozodlik orzusi emasmikan, qafasdan chiqib butun dunyoga jar solib sayrash orzusi emasmikan? Ayniqsa, Tursunning yana qo‘lga olinganini gazeta bo‘lagidan bilgan, Hasanning bir chekkaga borib, hayqirishi bu uni shunday yashashga majbur etgan otaga, hayotga , muhitga va taqdirga isyonkorona hayqirig‘i emasmi? Ko‘pchiligimiz hayotimizda shunday vaziyatlarga duch kelamiz va o‘shanda ichimizdan nimadir tashqariga otilib chiqqanini his etamiz. Bu isyon, ha yozuvchi buni ham kiritib ketishni istaganini ko‘rishimiz mumkin. Ba'zan insonda ana shunday isyonlar bo‘lib turadi va bu isyonlar bizga qalbimizning tirikligini va yashash uchun kurashayotganimizni eslatib turadi, - Bekzod Xushmamatov.

-"So‘nggi to‘fon"da tasvirlangan to‘p - necha yillardir xalqni ibodat uchun uyqudan uyg‘otgan bir ramz. Chunki asar voqealari tasvirlangan davrda millat dindan, iymondan uzoqlashgan edi. Ya'ni uyquda. To‘pning ishlatilmay yotishi ham millatning g‘aflatdaligi ma'nosida berilgan. Qozonchi o‘sha paytda to‘pni otib millatni uyg‘otuvchi mard yo‘qligini tasvirlagan bo‘lsa ne ajab, - Zahro Nurova.

Tanlov yakunida ana shunday fikrlar, tortishuv va savollarga berilgan javoblar orqali g‘oliblar aniqlandi.

Jumladan, Begzod Xushmamatov (1 o‘rin), Zahro Nurova (2 o‘rin), Begzod Ibragimov (3 o‘rin) g‘oliblikka munosib ko‘rildi.

Ijtimoiy tarmoq va messenjerlardan ilm, ziyo olish yo‘lida unumli foydalanayotgan,  ushbu yoshlar bugun Kun.uz sayti va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining g‘oliblik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida iyun oyi uchun Abdulla Qodiriyning “Mexrobdan chayon” asari mutolaa uchun tanlangan.

Mavzuga oid