O‘zbekiston | 12:46 / 30.06.2018
36414
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: yoshlar bilan bevosita ishlash o‘rniga dabdabali tadbirlar o‘tkazish, kampaniyabozlikka berilishdan hali ham qutulganimiz yo‘q

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi yo‘llagani xabar qilingandi. Tabrik matnida yoshlar ittifoqi faoliyati ham tilga olingan.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining navqiron yigit-qizlarni ish bilan ta'minlash, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, farzandlarimiz o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini ta'kidlash lozim, dedi prezident.

«Afsuski, yoshlarimiz hayotidagi katta-kichik har bir muammoga jiddiy qarab, aniq amaliy yechim topish, yoshlar bilan bevosita ishlash, doimiy muloqot qilish o‘rniga dabdabali tadbirlar o‘tkazish, kampaniyabozlikka berilishdek yaroqsiz ish usulidan hali ham butunlay qutulganimiz yo‘q.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz barchamiz endigina bir yillik shakllanish yo‘lini bosib o‘tgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tezroq ulg‘ayishi, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy tizimida, yoshlarimiz hayotida o‘zining mustahkam va munosib o‘rnini topishini istaymiz va buning uchun zarur amaliy yordam berishga tayyormiz.

Balki bugungi quvonchli ayyomda bunday noxush holatlarni eslash joiz emasdir. Lekin biz o‘z faoliyatimizni tanqidiy baholab, muammolarimizni o‘zimiz bartaraf etmasak, hech kim chetdan kelib ularni biz uchun hal qilib bermaydi», - deyiladi matnda.

Qayd etilishicha, yoshlarning hayotiy muammolariga yanada ko‘proq e'tibor qaratish, ularga mos bo‘lgan zamonaviy ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ezgu intilish va tashabbuslari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodimizning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash bundan buyon ham barcha darajadagi davlat idoralarining eng asosiy, hal qiluvchi vazifasi bo‘lib qoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid