O‘zbekiston | 22:09 / 14.07.2018
55035
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimi: “Menga loyihangizni markazda yashab turgan insonlarning uyini “snos”ga tushirib olib kelmang”

Bugun, 14 iyul kuni Toshkent shahar hokimiyatida Toshkent shahar hokimi va tadbirkorlar, xorijiy investorlar ishtirokida “Toshkent shahrini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish”ga bag‘ishlangan ochiq uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda Toshkent shahar hokimi har bir tadbirkor va investor bilan shaxsan suhbatlashdi. Ularning loyihalari bilan tanishdi. Kerakli ko‘rsatmalarni berdi. 

Tadbirning ikkinchi bosqichi Toshkent shahrining kelajakdagi ko‘rinishi aks ettirilgan videorolik bilan boshlandi. Shundan so‘ng, shahar hokimi yig‘ilgan tadbirkorlar, investorlar va tuman hokimiyati vakillariga o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

“Biz bu yerga bir maqsadga erishish uchun yig‘ildik. Qaysi biringizga qancha yer kerak? Mana, biz beramiz. Toshkent shahrining turli tumanlarida bo‘sh turgan yerlardan unumli foydalaning. Faqat quyidagi talablarni bajaring. Insonlar rohatlanib dam olayotgan bog‘lar, daraxtzorlarni buzmang. Ishlayotgan favvoralarni yo‘q qilmang. Yevropa andozalari asosida quring, nima qursangiz ham. 

Markazda insonlar yashayotgan uylarni “snos”ga tushirib olib kelmang, menga loyiha qilib. Ularni rozi qilib, keyin keling. Ularning o‘rniga avval o‘zingizni qo‘ying. Osonmas. Uy quraman desangiz qancha xohlasangiz joy topiladi. Dam oladigan joylarning o‘rniga ham uy qurmoqchiman deb tashabbus bilan chiqmanglar”, - deb qayta-qayta ta'kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Tadbir davomi savol-javob tarzida o‘tdi. Investorlar va tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Bir investor shahar hokimiga ularning kompaniyasi Toshkent hududida juda katta masjid qurmoqchiligini aytib, yer so‘radi. Bunga javoban hokim: 

“Menda bir savol bor. Hozir ko‘chada, axlatxonalarda, qutilarning ichida uysiz yashayotgan insonlar bor. Sizga beriladigan yerga o‘sha bechoralarga uylar qurganimiz yaxshimi yoki jimjimador masjid qurganimizmi?”, - deb savol berdi. Shunda tadbirkor uysizlarga uy qurish lozimligini aytdi.

“Hokimliklar, ayyor o‘yinlar qilishni bas qiling. Yana bir bor ogohlantiraman. Yer berilishi shaffof va korrupsiyasiz bo‘lishi kerak. Menga va komandamga pora kerakmas. 

Yoki Prezidentimizni tushunib, yelkama-yelka yonida turib, katta maqsadimizga birga erishamiz. Xalqni rozi qilamiz. Yorqin kelajagimizni yaratamiz. Yoki yo‘q bo‘lamiz. Kelganingiz uchun barchangizga rahmat”, – deb majlisga yakun yasadi shahar hokimi.

Mavzuga oid