Jahon | 20:50 / 24.07.2018
14393
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an bugungi Isroilda Gitlerning ruhini ko‘rmoqda

Foto: Umit Bektas / Reuters

Erdo‘g‘an milliy tus haqidagi qonun tufayli Isroilni irqchi davlat deb atadi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Knesset (Isroil parlamenti) tomonidan qabul qilingan Isroil davlatining milliy tusi haqidagi qonunini tanqid ostiga oldi, deb xabar berdi TASS.

«Isroilning yangi qonuni falastinliklarni siquvga olishga va buni kelgusida ham davom ettirishga chaqiradi», – dedi Turkiya yetakchisi.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an bu qonunning qabul qilinishi «Isroilning eng sionist, fashist va irqchi davlat ekanligini ko‘rsatadi». Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, «Gitler ruhi Isroilning ayrim rasmiy shaxslari orasida qayta tug‘ildi».

Isroil davlatining yahudiycha tusi haqidagi qonun 19 iyul kuni mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilindi. Unda «Isroil davlati yahudiy xalqining o‘z diniy, madaniy va tarixiy huquqini belgilaydigan milliy davlati ekanligi» aytiladi. 

Hujjatda shuningdek, Quddus Isroilning «yagona va bo‘linmas» poytaxti, ivrit tili davlat tili ekani qayd etilib, yahudiylarning Isroilga kelib joylashish huquqlari qonuniy asosda belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, unda «davlat yahudiy aholi maskanlarining rivojlanishiga milliy manfaat sifatida qarashi va buni rag‘batlantirish, olg‘a surish va amalga oshirish uchun choralar ko‘rishi» aytilgan.

Avvalroq Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abu al G‘ayt bu qonun borasida fikr bildirib, Isroil hukumatining Falastin xalqiga qarshi yo‘naltirilgan harakatlari ustidan xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirgandi.

Mavzuga oid