Kecha, 25 iyul kuni Samarqand shahridagi Mirzo Bedil ko‘chasida bo‘yoqlari o‘chib ketgan piyodalar o‘tish joyi va sinib yotgan yo‘l belgisi haqida «Bolalar serqatnov yo‘ldagi «zebra»ni bo‘r bilan qayta tiklamoqchi bo‘lishdi» sarlavhasi ostida reportaj e'lon qilgan edik.

Samarqand viloyat IIB YHXBning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur chorrahadagi yotiq chiziqlar (zebra) qaytadan chizilgan va 1 dona yetishmayotgan 5.16.2 «Piyodalar o‘tish joyi» yo‘l belgisi o‘rnatilgan.

Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB
Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB

 Shuningdek, mazkur ko‘chadagi yana ikkita kichik chorrahadagi piyodalar o‘tish joyi yotiq chiziqlari ham qayta tiklangan.

Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB

Albatta, muammoli holat zudlik bilan bartaraf etilgani quvonarli hol. Lekin yo‘llarda piyodalar xavfsizligini ta'minlash borasida Samarqand viloyat IIB YHXBdan tizimli va samaradorligi yuqoriroq ishlar amalga oshirilishi talab qilinadi. Buni xabar ostiga sharh yozgan samarqandliklarning fikrlaridan ham bilib olsa bo‘ladi.

Masalan, mana shu ko‘chaning yuqorirog‘ida Samarqand tayanch tibbiyot kolleji, undan sal teparoqda Viloyat perinatal markazi oldidagi yo‘lovchilar o‘tish joyining ham bo‘yoqlari o‘chib yotibdi, u joylarda ham piyodalarning yo‘lni kesib o‘tishida muammolar yuzaga kelmoqda va aminmanki, u yerdagi «zebra»lar bo‘yab qo‘yilmagan.