Jahon | 23:03 / 31.07.2018
4112
2 daqiqa o‘qiladi

Ruhoniy Eron Yaqin Sharqda vaziyatni keskinlashtirishga intilmasligini aytdi

Foto:  RIA Novosti / Sergey Guneyev

Tehron Yaqin Sharqda vaziyatni keskinlashtirishga intilmaydi, dedi Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Buyuk Britaniyaning Tehrondagi yangi elchisi Robert Maker bilan uchrashuv chog‘ida.

"Eron Islom Respublikasi hech qachon mintaqada keskinlik bo‘lishiga intilmagan va xalqaro suv yo‘nalishlarida muammolar kelib chiqishini istamaydi, ammo neft eksport qilish huquqidan ham voz kechmaydi", — dedi u.

Avvalroq AQSh davlat departamenti Vashington o‘z ittifoqchilarini Erondan neft sotib olishni butkul to‘xtatishga chaqirayotganini bildirgan, Amerika moliya vaziri Stiven Mnuchin esa Qo‘shma Shtatlarning tutgan mavqeiga qaramasdan Erondan neft sotib olishda davom etayotgan Rossiya, Xitoy yoki boshqa har qanday davlatga nisbatan AQSh sanksiyalar joriy etishga tayyorligini ma'lum qilgandi.

Tehron esa neftni yoki barcha davlatlar eksport qilishini, yoki hech kim eksport qilmasligini bildirgan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi buning uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishga tayyorligini aytgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 8 may kuni Vashington Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvdan chiqishini e'lon qildi. Tramp Eronga qarshi barcha sanksiyalar, shuningdek, u bilan biznes olib borayotgan davlatlarga nisbatan ham sanksiyalar tiklanishini ma'lum qildi. Vashingtonning Yevropadagi hamkorlari esa AQShning bu qadamiga qarshi chiqishdi va Eron bilan kelishuv shartlariga amal qilishini bildirishdi.

Mavzuga oid