O‘zbekiston | 19:40 / 02.08.2018
30737
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vazirligi Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik talaba kaltaklangani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti rasmiy axborotida Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik talaba mahalliy immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan kaltaklanganiga nisbatan munosabat bildirildi.

«2018 yilning 16 iyul kuni Kyongsang provinsiyasida (Koreya Respublikasi) mahalliy immigratsiya organlari xodimlari va O‘zbekiston fuqarosi o‘rtasida yuz bergan mojaro haqida qator Janubiy Koreya va O‘zbekiston OAVda tarqatilgan maqolalar munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Seul shahridagi Elchixonasi konsullik bo‘limiga hech qanday murojaat kelib tushmaganini xabar qiladi.

Biroq OAV xabarlarni inobatga olib, Elchixona tomonidan mazkur masalaning barcha jihatlarini o‘rganish choralari ko‘rilmoqda. Mavjud holat bilan tanishish va zaruriyat tug‘ilganda, konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Chxonvon shahriga (Seul shahridan 400 km uzoqlikda joylashgan) Elchixonaning konsullik xodimi jo‘natildi», deyilgan xabarda.

Biroz oldinroq Janubiy Koreya immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida 24 yoshli o‘zbekistonlik talaba kaltaklangani haqida videoxabar berilgandi.

Janubiy Koreya jamoatchiligi ham bu ishdan norozi bo‘lib, maxsus tashkil etilgan, Janubiy Koreya prezidenti nomiga yo‘llangan petitsiyada xizmat xodimlarini jazolashni talab qilmoqda.

Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonlik talabalar Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi nomiga murojaat yo‘llagan, unda elchixona o‘zbekistonlik talabalar bilan qoniqarsiz ishlayotgani ko‘rsatib o‘tilgandi.

Deputat Nuriddin Zaynitdinov esa petitsiyani qo‘llab-quvvatlagan va Tashqi ishlar vazirligidan bu holat bo‘yicha munosabat bildirishni so‘ragandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid