16 iyul kuni Janubiy Koreyadagi oliygohlarning birida magistraturada tahsil olayotgan 24 yoshli o‘zbekistonlik talaba Immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan kaltaklangan. Voqea shu hududdagi videokuzatuv kamerasiga muhrlangan.
Video 31 iyul kuni Koreyadagi muhojirlarning huquqlarini himoya qiluvchi agentlik tomonidan e'lon qilingach, voqea koreys jamoatchiligining keskin noroziliklarini keltirib chiqardi.
«Azon.uz» nashrining yozishicha, A. ismli o‘zbekistonlik talaba yozgi ta'tildan unumli foydalanib, Kyongsang viloyatining Haman shaharchasidagi zavodga ishlash uchun borgandi. U daraxt soyasida dam olib o‘tirganida notanish erkaklar kelib, uni kaltaklashadi. Ma'lum bo‘lishicha, talabani kaltaklaganlar Changvon Immigratsiya xizmati xodimlari bo‘lib, ular o‘sha kuni noqonuniy maqomda yurgan muhojirlarga qarshi reyd o‘tkazayotgan bo‘lgan.
YTN xabariga ko‘ra esa, talaba politsiyachilar hujjat ko‘rsatishni talab qilganida, ularga quloq solmagan va qarshilik ko‘rsatgan. Uning qo‘lidagi qurilish qurolini politsiyachilar tahdid o‘laroq qabul qilishgan.
MBC kanalining xabar berishicha, immigratsiya xizmati binosiga olib kelingan o‘zbekistonlik talaba 5 kun davomida tibbiy yordamsiz ushlab turilgan. U ta'lim oladigan Seul universiteti Changvon Immigratsiya xizmati nomiga o‘zbekistonlik talabaning ishini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat yo‘llagan. Shundan so‘ng tegishli ruxsatnomasiz ishlagani uchun o‘zbekistonlik talabaga 500 ming von (taxminan 3,5 million so‘m) jarima solingan va u qo‘yib yuborilgan.
Mahalliy immigratsiya xizmati rasmiysi bu holat yuzasidan shunday degan: «Reyd davomida ortiqcha jismoniy zo‘ravonlik qo‘llangani tasdiqlandi, biz bo‘lib o‘tgan voqeadan afsusdamiz», deya ta'kidlagan.
O‘zbekistonlik talaba hozirda Changvon Immigratsiya xizmati ustidan da'vo arizasi kiritishga tayyorgarlik ko‘ryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda voqeaga munosabat bildirgan Janubiy Koreya fuqarolari ham Immigratsiya xizmati xodimlari albatta jazoga tortilishi kerak degan talab bilan chiqqan








