Jamiyat | 10:00 / 04.08.2018
28389
3 daqiqa o‘qiladi

Deputat Qoraqalpog‘istondagi «samosud» holati bo‘yicha munosabat bildirdi

Beruniy tumani Shobboz bozorida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan deputat munosabat bildirdi, deb yozmoqda Kruz.

Joriy yilning 1 avgust kuni Beruniy tumani hududida joylashgan “Shobboz” dehqon bozorida sodir bo‘lgan noxush voqea yuzasidan 26-sonli “Shobboz” saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Xalilla Yeshimbetov munosabat bildirdi.

“Davlatimizda har bir insonning sha'ni, qadr-qimmati, obro‘si mamlakat qonunchiligi bilan himoyalangan. Mamlakatimizda inson huquqlarining ta'minlanishi qonun bilan kafolatlangan bir sharoitda kechagina Beruniy tumani hududida joylashgan “Shobboz” dehqon bozorida sodir bo‘lgan mudhish voqea hammamizni larzaga soldi.

Bosh Qomusimizda “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta'minlab beriladi. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”, deyilgan.

Har qanday huquqbuzarlik va jinoyat uchun jazo beruvchi davlat idoralari borligini, hech kimni aybi isbotini topmaguncha istalgan fuqaro o‘z xohishi bilan jazolashga umuman haqi yo‘qligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Mazkur voqeadagi fuqarolarning harakatlari qonunchiligimizda o‘zboshimchalik, ya'ni haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa jazo muharrar ekanligi belgilangan.

Lekin, bu hodisani sodir qilganlar nahotki jinoyatga qo‘l urayotganini bilmasa?

Qonunbuzarlikda gumon qilingan shaxs ushlangan taqdirda yaqin oradagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga telefon orqali yoki shaxsan borib murojaat qilish talab etiladi.

Bugungi kunda jamiyatning tez sur'atlar bilan o‘zgarib borayotgan bir paytda, endi ilgaridek, ha, bu voqea menga taalluqli emas, uning bizga aloqasi yo‘q, deb beparvo qarab bo‘lmaydi.

Bunday voqealarni oldini olishda hamma birdek jon kuydirib, o‘zboshimchalik bilan sodir etiladigan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda fuqarolarimizning huquqiy ongi va savodxonligini oshirishda hammamiz birdek mas'ulmiz”, - deydi deputat. 

Mavzuga oid