Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Jahon savdo tashkilotini yana bir bor «umumiy falokat» deb atadi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ogayo shtatida tarafdorlari oldida qilgan chiqishi vaqtida Jahon savdo tashkilotini yana bir bor "umumiy falokat" deb atadi va o‘zidan avvalgi prezidentlarni tanqid qildi.
"Xitoy JSTga qo‘shilganidan buyon birgina Ogayo sanoat sohasida 200 mingdan ortiq ish o‘rnini yo‘qotdi. JST – bu umumiy falokat", -dedi AQSh rahbari.
Tramp iqtisodiy sohadagi harakatlari uchun amerikalik siyosatchilarni yana tanqid qildi.
"O‘nlab yillar davomida siyosatchilarimiz boshqa mamlakatlarga bizning ish o‘rinlarimizni tortib olishga, barcha boyliklarimiz va iqtisodiyotimizni talon-taroj qilishga yo‘l qo‘yib berishgan. Ular buni bilib turib qilishgan deb o‘ylamayman. Ular shunchaki nima bilan shug‘ullanishayotganini o‘zlari bilishmagan va tushunishmagan", - dedi u.
Tramp JSTni avval ham bir necha bor tanqid qilgandi. Aprelda u Twitter’da JST Xitoyga imtiyoz berib AQShga nisbatan adolatsizlik qilayotganini yozgandi. Iyun oyi boshida esa Shimoliy Amerika erkin savdo hududi to‘g‘risidagi kelishuv va JSTni "falokat" deb atagandi. Tramp Vashington bu tashkilotning isloh qilinishiga erishishini bildirgandi.
Jahon savdo tashkiloti 1995 yil 1 yanvarda tuzilgan bo‘lib, unga 160dan ortiq davlat a'zo.