Jamiyat | 09:53 / 08.08.2018
6653
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi tizimini isloh qilish va yanada takomillashtirish taklif etilmoqda

Foto: UzA

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida xalq ta'limi tizimini isloh qilish va yanada takomillashtirish masalasi bo‘yicha petitsiya paydo bo‘ldi.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda xalq ta'limi tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Lekin, ushbu sohaning rivojlanishida bir qancha muammolar mavjud. Xalq ta'limi tizimi dasturi va sifati oliy o‘quv yurtlariga kirishga javob bermaydi. Shu sababli repetitorlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Lekin, repetitorga borishga hammaning ham qurbi yetmaydi.

Shu munosabat bilan xalq ta'limi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflarni beramiz, deyiladi murojaatda. 

Birinchidan, bugungi kundagi o‘quv dasturlari va darsliklar zamonaviy fan va ilm talablariga javob bermaydi. Ushbu munosabat bilan rivojlangan davlatlarning o‘quv dasturlarini chuqur o‘rganib, yangi takomillashtirilgan dasturlar asosida darsliklarni ishlab chiqish, aniq fanlar bo‘yicha darsliklarga qo‘shimcha masalalar va misollar to‘plamini chop etish taklif qilinadi. 

Ikkinchidan, kadrlar masalasida ayrim muammolarni bartaraf etish zarur. Xalq ta'limi sohasida tayyorlanayotgan pedagog kadrlarning ko‘pligi va noto‘g‘ri rotatsiyasi sababli umumta'lim maktablarida o‘qituvchilarning aksariyat qismi yarim stavkada ishlaydi. Bu o‘qituvchilarning o‘z kasbiga qiziqishini yo‘qotib, o‘z ustida ishlamasligiga olib keladi. Shu sababli maktablarda pedagog kadrlarning ish bilan ta'minlanishini monitoring qilib borish va mavjud kvotalarni qayta ko‘rib chiqish taklif qilinadi. 

Uchinchidan, maktablarda o‘quvchilar o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish lozim. Maktablarda o‘quvchilarni bilimiga qarab «A», «V», «S» toifali sinflarga saralash, har chorak yakunidagi reyting ballari asosida doimiy sinf tarkibini yangilab borish va ushbu toifali sinflarni o‘qitadigan o‘qituvchilarning maoshi orasida rag‘batlantiruvchi farqni shakllantirish taklif qilinadi. 

“Bizning fikrimizcha, ushbu keltirilgan takliflar xalq ta'limi sohasini yanada rivojlantirishga olib keladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid