O‘zbekiston | 20:06 / 12.08.2018
7723
4 daqiqa o‘qiladi

12 avgustdagi test sinovlariga 293 abituriyent kelmadi, 27 nafari chetlashtirildi

Foto: Facebook/Aziz Abduhakimov

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlarining o‘n ikkinchi kuni to‘liq yakunlandi. 12 avgust kuni mamlakatdagi oliy ta'lim muassasalarida test jarayonlari bir vaqtda 1-smenada 8:00dan boshlanib, 11:30ga qadar va 2-smenada 15:00dan boshlanib, 18:30ga qadar to‘liq yakunlandi. Bu haqida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook'dagi sahifasi orqali ma'lum qildi. 

Test sinovlari o‘tkaziladigan 9 ta binoda yong‘in va xavfsizlik choralari ko‘rildi. Barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi hamda test sinovlari o‘tadigan hududlarda tez yordam mashinalari tashkil etildi.

Shu kunlarda havo haroratining ko‘tarilishi natijasida abituriyentlarning ota-onalari uchun salqin joylarda o‘rinlar soni ko‘paytirildi va u yerda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko‘rinishda yoritib borildi.

Yozning chillasida ota-onalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ilk bor test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko‘rinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritildi.

Ichki ishlar tizimidan 4 963 ta shaxsiy tarkib xodimlari, 1206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o‘tishiga jalb qilindi.

Test sinovlarini o‘tkazishga ta'lim muassasalaridan test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 397 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi.

Barcha hududlarda jamoat va yong‘in xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va daxlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qo‘riqlash to‘liq ta'minlandi.

Test sinovlarida 3 ta oliy ta'lim muassasalarining 14 ta ta'lim yo‘nalishida 7 331 nafar abituriyent ishtirok etdi, turli sabablarga ko‘ra 293 nafar abituriyent test sinovlariga kelmadi.

Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 27 nafar abituriyent, shundan 14 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o‘zgani o‘rniga kirishga uringanligi uchun, 13 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga va boshqa abituriyentlarga yordam berishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.

Test natijalari Andijon va Surxondaryo viloyatlaridan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta'minlagan holda Davlat test markaziga 18:30 dan qaytarish boshlandi. So‘nggi materiallar Andijon viloyatidan kechasi 12:30da yetib keladi.

Yetib kelgan test natijalari bo‘yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi.

Davlat test markazining xodimlari tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanmagan hamda test materiallarining maxfiyligini ta'minlagan holda test materiallarini qayta ishlaydi.

12 avgust kungi test natijalari 13 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazining dtm.uz saytida e'lon qilinadi.

Respublikada test sinovlari tashkil qilingan tizim bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid