Sil (tuberkulyoz) haqida nimalarni bilamiz? Uni yengib o‘tib, sog‘ayib ketish mumkinmi? Sil bilan xastalangan insonning jamiyatdagi keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

Bugungi maqolamizda silga yo‘liqqan, ammo, uni yengib o‘tib, to‘liq sog‘ayib ketishga muvaffaq bo‘lgan, keyingi faoliyatida esa sil bilan xastalanganlarga yordam qo‘lini cho‘zishni o‘z maqsadiga aylantirgan inson, Sarvar Otajonov haqida suhbatlashamiz.

Sarvar Otajonov Xorazm viloyati, Xonqa tumanida istiqomat qiladi. Oilalik, ikki nafar qizini tarbiyalamoqda. Ikki yil oldin u oila boqish, ro‘zg‘or tebratish ilinjida Rossiyaga ishlagani ketadi. U yerda juda murakkab sharoitlarda mehnat qilib, og‘ir xastalik - silga chalinadi.

«Men qisqa muddat davomida Rossiyada ishladim. Mehnat sharoitim juda og‘ir edi. Hatto zax yerto‘lada yashashga majbur bo‘ldim. Natijada, sog‘ligim yomonlashdi. Dastlab qisqa yo‘tal, holsizlanish, isitmamning ko‘tarilishi meni xavotirga sola boshladi. Ishsiz qolishimdan qo‘rqib, sog‘ligimga ahamiyat bermadim. 1 oy ichida yo‘talim kuchayib, ishtaham yo‘qoldi. Tez-tez isitmalab, madorsizlana boshladim. Natijada, uyga qaytishga majbur bo‘ldim» - deydi Sarvar.

O‘zbekistonga qaytib kelgach, Sarvar sil kasalligiga chalinganini aniqlaydi. Bu esa uni dahshatga soladi.

«Uyga qaytib kelgach, shifokorlarning ko‘rsatmasi bilan analiz topshirdim va menda sil kasalligi borligini bildim. Bu meni qattiq ruhiy tushkunlikka soldi. Endi nima bo‘ladi, oila-a'zolarim, turmush o‘rtog‘im menga qanday munosabatda bo‘ladi, ayniqsa qo‘shnilar nima deydi, degan savollar xayolimda aylanaverdi».

Shundan so‘ng, Sarvar shifoxonada 2 oy davolandi. Davolanish asnosida u deyarli har kunida o‘zining holatini nazorat qilar, shifokor tavsiya qilgan dorilarni muntazam ichish natijasida o‘zidagi sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni yon daftarchasiga qayd qilib borar edi. Nihoyat, chehrasida o‘zgarish bo‘lib, ishtahasi ochilib, kun sayin ahvoli yaxshilanayotganligini his qildi. Sarvarni davolovchi shifokor 57-kuni uning oldiga kirib, bu kasallikdan butunlay tuzalganligini aytadi. Buni eshitgan Sarvarning ko‘zlarida yosh qalqidi...

Sil kasalining azoblarini o‘z boshidan o‘tkazgan, bu kasallikka qarshi kurashib, uni yengib o‘tgan Sarvar boshqalarga ham yordam qo‘lini cho‘zishga qaror qildi.

«Bu kasallikni davolash uchun har bir fursat g‘animat. Demak, yangi kelgan bemorlarga ham bu kasallikning davosi borligi haqida tushuntirib, boshqalarga ham yordam berishim kerak», degan xulosaga bordi.