Jahon | 00:32 / 14.08.2018
3084
2 daqiqa o‘qiladi

BAAda internet orqali terrorizmni targ‘ib qilganlik uchun jazo kuchaytirildi

Foto: Fotolia / philipus

BAA prezidenti shayx Xalifa bin Zayd Al Naxayyan 2012 yilda qabul qilingan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunga internet orqali terrorchi va noqonuniy tashkilotlarni targ‘ib qilganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi tuzatishlarni kiritdi, deb xabar berdi WAM axborot agentligi.

Tuzatishlarga ko‘ra, terrorchi yoki qonunda taqiqlangan tashkilotlar haqida internet-sayt yaratganlik yoki axborot texnologiyalaridan foydalanib ma'lumot tarqatganlik uchun ozodlikdan mahrum etish muddati besh yildan o‘n yilgacha uzaytirildi, eng kam jarima miqdori esa 1 milliondan 2 million BAA dirhamiga oshirildi (272 ming dollardan 545 ming dollarga). Maksimal jazo muddati 25 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 4 million dirham jarima etib belgilandi.

Teraktlarni amalga oshirish uchun yonuvchi moddalar, portlovchi va boshqa qurilmalar tayyorlash to‘g‘risida axborot tarqatganlik uchun ham ana shunday jazo ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qonunga kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra, ana shunday internet-saytlardan ma'lumot yuklab olish, ularni har qanday usulda tarqatish yoki bu saytlarga bir necha marta kirish besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish va 500 mingdan 1 million dirhamgacha jarima bilan jazolanadi. Bunda qamoq jazosi maxsus tuzatish muassasalariga joylashtirish yoki belgilangan muddatga axborot texnologiyasi vositalaridan foydalanishni taqiqlash bilan almashtirilishi mumkin.

BAA 2014 yilda terrorchi tashkilotlar ro‘yxatini tuzgan bo‘lib, unga xususan, "Islom davlati", "Al-Qoida", "Jabhat an-Nusra" tashkilotlari, "Ansar Alla" harakati (xusiylar) va boshqa tashkilotlar kiritilgan. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid