Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 20-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 20-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida” Nizomda:
a) 3-bandning to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
“Lavozimlarni egallashning besh yillik muddati davrida har bir o‘quv yili yakunlari bo‘yicha barcha pedagog xodimlar faoliyati rektor buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan oliy ta'lim muassasasi komissiyasi tomonidan atroflicha o‘rganilib ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq mezonlar asosida baholanadi, tugallangan fan o‘qituvchilari faoliyati talabalar tomonidan 2-ilovaga muvofiq mezonlar asosida anonim baholanadi.
Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish hamda tugallangan fan o‘qituvchilari faoliyatini anonim baholash tartiblari oliy ta'lim muassasasi kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish va anonim baholash natijalari oliy ta'lim muassasasi kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi”.
b) 16-band quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
“16. Tanlovga tushgan barcha hujjatlar oldindan kafedraning kengaytirilgan ochiq majlisida ko‘rib chiqiladi.
Ilgari kafedrada ishlamagan shaxslarning hujjatlarini ko‘rib chiqishdan oldin ular tomonidan kafedraning kengaytirilgan ochiq majlisida pedagog kadrlar va jamoatchilik kengashining a'zolari ishtirokida sinov darsi o‘tkaziladi. Sinov darslari mavzulari kafedra predmetlari bo‘yicha o‘quv dasturi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ilgari o‘zi egallab kelgan lavozim uchun tanlovda qatnashuvchi shaxslar kafedraning mazkur kengaytirilgan majlisida tanlovdan oldingi davrdagi ilmiy-pedagogik, metodik, tarbiyaviy va boshqa ishlari to‘g‘risida hisobot beradi.
Tanlov qatnashchilarini test sinovlaridan o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Kafedra mudiri lavozimiga nomzodlarni muhokama qilish bo‘yicha majlisni fakultet dekani (oliy ta'lim muassasalari umumiy kafedralarida - prorektor) o‘tkazadi.
Kafedra tanlovda qatnashuvchi har bir nomzod bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqish, shuningdek sinov darslari va hisobotlar natijalari bo‘yicha ochiq yoki yashirin ovoz bergan holda, kafedraning shtatdagi o‘qituvchilari (shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlayotgan o‘qituvchilar), ilmiy xodimlari hamda jamoatchilik kengashi a'zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan kengaytirilgan ochiq majlis tavsiyanomasini qabul qiladi va uni tegishli hujjatlar bilan birga oliy ta'lim muassasasi (fakultet) kengashiga taqdim etadi.
Fakultetning kafedra a'zosi hisoblanmaydigan dekani (prorektor) kafedra mudiri lavozimiga nomzodlar bo‘yicha tavsiyanomalar qabul qilishda ovoz berishda qatnashmaydi. Egallash uchun tanlov e'lon qilingan lavozimni egallab turgan shaxs materiallarni ko‘rib chiqish chog‘ida ovoz berishda qatnashmaydi”.
v) 17-band quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
“17. Oliy ta'lim muassasasi (fakultet) kengashi majlisida yashirin ovoz berishni o‘tkazishdan oldin tanlovda ishtirok etayotgan har bir nomzod bo‘yicha kafedra kengaytirilgan ochiq majlisining tavsiyanomasi o‘qib eshittiriladi”.
g) 20-bandning uchinchi xatboshida “arizalar” so‘zi “ariza” so‘zi bilan almashtiriladi.
d) 13-bandning:
birinchi xatboshida “ilmiy kengashlarida” so‘zlari “kengashlarida” so‘zi bilan, “ilmiy kengashida” so‘zlari “kengashida” so‘zi bilan almashtiriladi;
ikkinchi xatboshida “ilmiy kengashlarida” so‘zlari “kengashlarida” so‘zi bilan almashtiriladi;
ye) 20-bandning:
birinchi xatboshida “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan, “ilmiy kengashning” so‘zlari “kengashning” so‘zi bilan almashtiriladi;
ikkinchi xatboshida “ilmiy kengashning” so‘zlari “kengashning” so‘zi bilan, “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan almashtiriladi;
j) 21-bandda “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan almashtiriladi;
z) 22-bandda “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan almashtiriladi;
i) 23-bandda “ilmiy kengashining” so‘zlari “kengashining” so‘zi bilan almashtiriladi;
k) 25-bandning uchinchi xatboshida “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan almashtiriladi;
l) 27-bandning ikkinchi xatboshida “ilmiy kengashi” so‘zlari “kengashi” so‘zi bilan almashtiriladi;
m) 29-bandning:
birinchi xatboshida “ilmiy kengashida” so‘zlari “kengashida” so‘zi bilan almashtiriladi;
ikkinchi xatboshida “ilmiy kengashida” so‘zlari “kengashida” so‘zi bilan, “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan almashtiriladi;
uchinchi xatboshida “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan almashtiriladi;
to‘rtinchi xatboshida “ilmiy kengash” so‘zlari “kengash” so‘zi bilan almashtiriladi.
Mavzuga oid
18:34 / 26.04.2026
“Dacha”larning elektron bazasini yaratish va ijara narxlarini nazorat qilish rejalashtirilmoqda
09:35 / 01.04.2026
Mobil tariflarga yangi talablar joriy etilishi mumkin
08:11 / 18.03.2026
Bitiruvchilar uchun 3 yil ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin
12:54 / 14.03.2026