Jahon | 21:42 / 17.08.2018
14560
7 daqiqa o‘qiladi

Qog‘oz chaynagan va qo‘l ostidagilarga laqab to‘qigan: Tramp haqidagi kitobda nimalar yozilgan 

Foto: Michael Reynolds / EPA / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq yordamchisi va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasining kommunikatsiyalar bo‘yicha sobiq direktori Omarosa Manigolt Nyuman 14 avgust kuni «Unhinged: An Insider Account of the Trump White House» («Beqaror: Tramp davridagi Oq uy haqida insayderning hikoyasi») nomli kitobini chiqardi. Kitobda u Trampni irqchilik va ayollardan nafratlanishda ayblagan. Manigolt Nyumanning yozishicha, Tramp Injil o‘rniga o‘zi yozgan kitobni ushlab qasam ichmoqchi bo‘lgan, bir marta esa qog‘oz parchasini chaynab yutib yuborgan – ammo hamma ham uning bu so‘zlariga ishonmayapti.

Manigolt Nyuman Tramp bilan 2004 yilda, «O‘quvchi» («The Apprentice») realiti-shousida ishtirok etganida tanishgan, shouda Tramp boshlovchilik qilgan. Ayolning qat'iy fe'l-atvori o‘sha paytda OAVning e'tiboriga tushgandi. 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasida u Tramp shtabida afroamerikaliklar orasida tashviqot ishlari olib borishga mas'ul bo‘lgan. 2016 yil sentabrda Frontline nashriga bergan intervyusida saylovdan so‘ng «har bir tanqidchi, har bir norozi dunyoda eng qudratli insonga aylanuvchi prezident Tramp oldida tiz cho‘kishini» aytgandi.

Tramp saylanganidan so‘ng 2017 yil yanvarda Manigolt Nyuman uning ma'muriyatida ishlashi e'lon qilindi. Ammo o‘sha yilning dekabrida Nyuman Oq uyni tark etayotganligi ma'lum bo‘ldi. Ayrim manbalarning so‘zlariga ko‘ra, u ma'muriyatning yangi rahbari Jon Kelli bilan kelisha olmagan. Donald Tramp o‘z tvitterida unga minnatdorlik bildirdi va omad tiladi.

Shu yilning fevralida esa Manigolt Nyuman Tramp ma'muriyatini tanqid qilib chiqdi va hech qachon qaytib unga ovoz bermasligini aytdi.

OAVda berilgan kitobdan parchalarda u Donald Trampni o‘ta qattiq tanqid ostiga olgan. U Trampning aqlan sog‘lomligiga shubha bilan qaraydi, uni beqaror va o‘zini boshqara olmaydigan shaxs deb ta'riflaydi.

Manigolt Nyumanning ta'kidlashicha, Donald Tramp qasam ichish marosimida Injil o‘rniga o‘zi yozgan «Savdolashish san'ati» kitobidan foydalanmoqchi bo‘lgan.

«U mendan: «Omarosa, «Savdolashish san'ati» bilan qasam ichsam nima deysan?» deb so‘radi, — deb yozadi prezidentning sobiq yordamchisi. — «Undan: «Injil o‘rnigami?» deb so‘radim. — «Ha. Bu kitob — bestseller! U barcha zamonlarning eng yaxshi tadbirkorlik kitobi. Bu kitob men davlatimiz uchun buyuk kelishuvlarni qanday imzolashim haqida. O‘ylab ko‘r, nechta kitob sotishim mumkin – balki, inaguratsiya esdalik nusxasi haqida ham o‘ylab ko‘rish kerakdir?!» 

Manigolt Nyuman uni bu fikrdan qaytarganini, Tramp esa o‘zini hazil qilgandek tutganini ta'kidlaydi. 

Nyumanning yozishicha, 2017 yil boshida Trampning shaxsiy advokati Maykl Koenni Oval kabinetga boshlab kiradi va prezidenti bir parcha qog‘ozni chaynayotganini ko‘rib qoladi. 

«U qog‘oz parchasini og‘ziga qanday solganini ko‘rdim, — yozadi u. —Tramp germofob (mikroblardan qo‘rqadigan) bo‘lgani uchun uning qog‘ozni chaynab, yutib yuborganidan hayratda qoldim. Bu juda-juda ta'sirli narsa bo‘lgan bo‘lsa kerak».

Manigolt Nyuman shuningdek, Trampning Fox News telekanali bilan munosabatlarini yozar ekan, uning ta'kidlashicha, bu munosabatlar juda chuqur bo‘lganini ta'kidlaydi: 2016 yilgi kampaniya davrida shtab a'zolarining tanlangan ro‘yxati pochtasiga har kuni Fox News prodyuserlaridan kun voqealari va savollarga qanday javob berish kerakligi haqida maslahatlar berilgan xatlar kelib turgan.
 
Bundan tashqari, Oq uy sobiq xodimasining ta'kidlashicha, Tramp atrofidagilarga laqab o‘ylab topishni xush ko‘radi. Masalan, ta'lim vaziri Betsi Devosni «Ditzy DeVos» («tentak Devos»), bosh prokuror Jyeff Seshnsni Benjamin Batton deb atagan.

Manigolt Nyumanning so‘zlariga ko‘ra, u Oq uyni tark etganida prezidentning kelini Lara Tramp unga Tramp, uning oilasi haqida va prezidentga zarar yetkazadigan gaplarni gapirish taqiqlangan shartnoma asosida 2020 yilga qadar prezident kampaniyasida oyiga 15 ming dollar maosh evaziga ishlashni taklif qilgan. «Men taklifni rad etdim. Men Tramp olami bilan butkul xayrlashdim», — deb yozadi u. Manigolt Nyumanga taklif qilingan  shartnomani o‘rgangan The Washington Post  gazetasi Tramp tanqidchi va ayblovchilarning og‘zini yopish uchun bunday shartnomalardan faoliyati davomida ko‘p bor foydalanganini qayd etadi.

Amerikadagi aksariyat OAV Manigolt Nyumanning yozganlariga shubha bilan qaradi: u haqiqatan ham Oq uyda bo‘lgan kundalik uchrashuvlarni yozib borgan, ammo kitobdagi ko‘p voqealar hujjatlar bilan tasdiqlanmagan. The Washington Post Tramp qog‘oz chaynaganini tasdiqlovchi hujjat yo‘qligini ta'kidlagan, nashrning Oq uydagi bir necha suhbatdoshlari bu voqeani eshitib kulishgan va yolg‘on deyishgan.  

Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders Manigolt Nyumanning kitobi «aldov va yolg‘on ayblovlardan iborat» ekanligini bildirdi. «Shunisi achinarliki, Oq uyning sobiq xodimi bu yolg‘on ayblovlardan foyda olishga urinmoqda, bundan ham yomoni, uning so‘zlarini jiddiy qabul qilmagan bo‘lsa-da, OAV unga joy ajratmoqda, ma'muriyatda ishlagan davrida u prezident haqida faqat ijobiy so‘zlar aytgandi», - dedi u.

Trampning o‘zi esa Manigolt Nyuman haqidagi savolga javob berarkan, uni «hech narsaga arzimaydigan» deb atagan.                                                                       

Mavzuga oid