O‘zbekiston | 22:00 / 19.08.2018
14530
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda musson yomg‘irlari qurbonlari mingdan oshdi. Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqiga hamdardlik bildirdi

Foto: ChessBase India

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonning sobiq Bosh vaziri Atal Bixari Vajpaining vafoti munosabati bilan mamlakat Prezidenti Ram Natx Kovind va Bosh vazir Narendra Modiga hamdardlik bildirdi.

Shuningdek, Hindistonning Kerala shtatida ro‘y bergan suv toshqini va ko‘chkilar oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Hindiston xalqiga hamdardlik yo‘llangan.

Atal Bixari Vajpai Hindiston hukumatini ikki marta - 1996 may-iyun oylarida, shuningdek, 1998 yil martidan 2004 yil mayiga qadar boshqargan.

Sobiq bosh vazir 16 avgust kuni 93 yoshida vafot etgandi.

Hindistonning Kerala shtatida 8 avgustdan buyon davom etayotgan kuchli musson yomg‘irlari oqibatida kamida 324 kishi halok bo‘ldi, 20 ming uy vayron bo‘ldi, 220 ming kishi boshpanasiz qoldi.

Vaqtincha turar joylarga 800 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Yana minglab kishilar hayot uchun xavfli hududlarda qolmoqda.

Hindistonda yil boshidan buyon musson yomg‘irlari tufayli yuzaga kelayotgan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni ming nafardan oshib ketgan.

Mavzuga oid