08:30 / 22.08.2018
12664

Bir hafta davomida onlayn auksionda 2,4 mlrd so‘mlik avtomobil raqamlari sotildi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 13 avgustdan 17 avgustgacha bo‘lgan davr mobaynida “O‘zRTXB” AJda 938,6 mlrd so‘mlik bitimlar tuzildi, deb xabar qilmoqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda birja savdolarining hajmi 722,9 mlrd so‘mdan 862,3 mlrd so‘mga ko‘tarildi. Sotuvlar bo‘yicha paxta tolasi birinchi o‘rinni 38,5% bilan egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda qurilish materiallari joylashgan bo‘lib, birja bozorining 22,8%ni egalladi. Keyingi o‘rinlardan 10,4% ulush bilan neft mahsulotlari, 6,1 % ulush bilan gaz va polietilen joylashdi.

Valyuta savdo maydonchasi orqali 2,6 mln AQSh dollardan ziyod mahalliy mahsulotlar sotildi. Kelishuvlarning asosiy qismini sanoat moyi tashkil etdi. Uning ulushi 65%ga teng. Keyingi o‘rinni Gach II egalladi. Uning ulushi 19%ni tashkil qiladi. Uchlikni 11% ulush bilan polietilen yakunladi.

O‘tgan hafta mobaynida onlayn auksion orqali 783 ta avtomobil raqamlari sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 2,4 milliard so‘mdan oshdi.

Savdolar natijasida bitimlarning qariyb 20% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 52% ikkinchi va 28% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avtohavaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 20%ga teng. Keyingi o‘rinda Farg‘ona viloyati avtohavaskorlari 13% ulush bilan joylashdi. Uchinchi o‘rin Andijon va Samarqand viloyatlari avtohavaskorlariga tegishli bo‘lib, ularning har birining ulushi 10%ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 47%ga teng.

Elektron davlat xaridlari tizimida 65,4 milliard so‘mlik bitimlar tuzildi. Bu esa avvalgi hafta natijasidan 5,8 milliard so‘mga ortiq ekanligini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, undan avvalgi hafta davomida onlayn auksionda 2,5 mlrd so‘mlik 776ta avtomobil raqami sotilgandi

Top