Jahon | 23:13 / 22.08.2018
17538
3 daqiqa o‘qiladi

Putin AQShning yangi sanksiyalarini izohladi

Foto: TASS

Vashingtonning Rossiyaga qarshi sanksiyalari aks samara beradi, dedi Vladimir Putin Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida. Bu haqda «Interfaks» xabar bermoqda. U AQSh rahbariyati sanksiyalardan ma'no yo‘qligini anglab yetishiga umid bildirdi.

«Gap nafaqat Qo‘shma Shtatlar prezidentining, balki isteblishment deb ataluvchi boshqaruvchi sinfning pozitsiyasida hamdir. Umid qilamanki, qachondir amerikalik hamkorlarimiz bu siyosat istiqbolga ega emasligini anglab yetishadi va biz me'yordagidek hamkorlikni boshlaymiz», — dedi Rossiya prezidenti.

Donald Tramp bilan Xelsinkida bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqidagi savolga javob berarkan, Putin yana bir bor ikki davlat rahbarlari barcha bahsli masalalarni hal qila olishmagan bo‘lsa-da, bu uchrashuvni foydali deb hisoblashini ta'kidladi.

«Ikki soatlik suhbat davomida bahsli deb hisoblangan barcha masalalarni hal qilishimizni hech kim kutmagandi ham... Prezident Tramp bu masalalar bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini aytdi, men ham o‘z nuqtai nazarimni aytdim. Ammo fikr almashish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot har doim juda foydali», — deya Putinning so‘zlaridan iqtibos keltiradi RIA Novosti.

Avvalroq sanoat va savdo vaziri Denis Manturov hukumat AQShning yangi sanksiyalarining Rossiya iqtisodiyotiga ta'sirini bartaraf etishga tayyorligini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar mahkamasi navbatdagi sanksiyalarning salbiy ta'siridan saqlanish imkonini beruvchi tadbirlar rejasini tayyorlab qo‘ygan. 

«Elektronika sohasida olish imkoni bo‘lmaydigan tarkibiy qismlarni o‘zimizniki bilan almashtiramiz, yetishmaydiganlarini Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlaridan olib kelamiz, bu bozorlar biz uchun ochiq», — dedi u.

AQShning yangi sanksiyalar paketini joriy etishning birinchi bosqichi 22 avgustga mo‘ljallangandi. Navbatdagi cheklov choralari «Skripallar ishi» — Buyuk Britaniyada Rossiya razvedka bosh boshqarmasi sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizining zaharlanishi bilan bog‘liq. AQSh va uning ittifoqchilari bu ishda Kremlni ayblamoqda. Sanktsiyalarning birinchi bosqichida Rossiyaga elektronika, xususan, aviatsiyada foydalaniladigan tarkibiy qismlar eksportini taqiqlashni ko‘zda tutadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid