Jamiyat | 23:45 / 29.08.2018
18634
6 daqiqa o‘qiladi

Muhimi - tomoshabinga xiyonat qilmaslik

«Mening yurtim» telekanali «Kun.uz» saytida e'lon qilingan tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi.

Shubhasiz, ayol obrazi dunyo adabiyotida muhim o‘rin tutadi. Kino san'atini esa ayol obrazisiz tasavvur qilish qiyin. Shunday ekan muallif Xurshid Daliyevning «Milliy serial brendi bilan «milliy xiyonat» targ‘ibotiga «start» berildimi?» sarlavhasiga biz yo‘q deb javob beramiz. Aslo milliy serial brendi asosida hech qanday xiyonat targ‘ib qilinmayapti.

Kino san'atida xiyonat mavzusi bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Hayotni aks ettirishni maqsad qilgan har bir ijodkor o‘z asarida hayotda uchraydigan muhabbat, xiyonat, sadoqat, vafo mavzularida ijod qiladi. Bugungi kunda barcha telekanallar turk seriallarni namoyish etib, bizning mentalitetga zid madaniyatni tomoshabin ongiga singdiryapti. Bu seriallarda erini senlaydigan, ota-onasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatmaydigan qahramonlar to‘lib toshib yotibdi. “Mening yurtim” telekanali bu kanallardan farqli o‘laroq bugungi kunimiz hayoti va muammolari aks etgan serialga murojaat qildi. Unda esa aynan o‘zbek jamiyatidagi oilalar va ularning hayotiga ko‘zgu tutilgan xolos. Zero, donishmand xalqimizda odobni odobsizdan o‘rgan, degan hikmat ham bor bu yerda. Axir hayot tekis bir yo‘l, bir qolipda kechadigan jarayon emaski, uni bo‘yab, xaspo‘shlab, ziddiyatlarsiz qilib aks ettirsak.

O‘z nomi bilan “Fitna” serialida aynan muallif qayta-qayta ta'kidlab o‘tgan ayol xiyonati fosh etilgan. O‘qituvchi bo‘ladimi, sotuvchimi yoki sartarosh, oilasiga, turmush o‘rtog‘iga, farzandlariga xiyonat qilgan ayol oxir-oqibatda xor bo‘ladi. Xiyonat o‘z nomi bilan xiyonat. Kasbi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, salbiy qahramon xiyonat qilar ekan badiiy asar yoki kinoda ochiq tasvirlanadi. “Fitna” serialida behayo sahnalar, beadab gaplar yo‘q. Ustiga ustak kundalik hayotimizda ro‘y berayotgan voqealar ham kiritib borilyapti. Bugun oshkoralik zamoni, muammolarni ochiq-oydin ko‘rsatmasak kim ko‘rsatadi? Bizga faqat do‘ppi kiygan o‘zbek qizining namunali hayoti ko‘rsatilgan silliq seriallar kerakmi faqat? Bu serial o‘ziga xos dinamikasi bilan boshqa seriallardan ajralib uzundan uzoq voqealar chaynalmaydi. Serial ijodkorlarining maqsadi muallif nazarda tutgandek o‘zbek ayolini tahqirlash emas, balki jamiyatda uchraydigan yovuz illatlarni aks ettirish orqali tomoshabinni mushohada qilishga undashdan iborat.

Rejissyor Dilshod Ahmedov bu xiyonat mavzusini “ixtiro” qilmagan. “Fitna” seriali yozuvchi Jamila Ergashevaning “Qir ustidagi ayol” qissasi asosida suratga olingan. Shunday ekan serialning O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi ruxsati bilan chop etilgan asarga asoslanishining o‘zi Xurshid Daliyevning “«O‘zbekkino» milliy agentligi nega bu serial ekranga chiqishiga ruxsat berdi? Agentlik badiiy kengashi bu «Fitna»ning ssenariysi va suratga olingan epizodlarning umumiy g‘oyaviy maqsadi bilan tanishib chiqqanmi?” qabilidagi savollariga javob bo‘ladi. 

Serialda nafaqat xiyonat mavzusi balki, firibgarlik, odam savdosi, ommaviy madaniyatning salbiy oqibatlari, uyushgan jinoyatchilik, poraxo‘rlik va giyohvandlik kabi illatlar keskin qoralangan. Bu illatlar zamirida hayotda adashgan, qaltis xatoga yo‘l qo‘ygan insonlar taqdiri yotadi. Nozima ana shunday adashgan salbiy qahramonlardan biri. Kelinining xiyonatini o‘g‘lidan yashirmoqchi bo‘lgan qaynonaning xatti-harakatlarini nimaga oqlamaslik kerak? Qaynona ham ona. Nabiralarini yetim qilmaslik, butun oilani saqlab qolishni maqsad qilgan, hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurgan ayolga nima e'tirozingiz bor?! Har bir inson qilgan xatosi, gunohi va jinoyati uchun javob beradi. Serialdagi taqdirlar misolida har qanday nojo‘ya harakat va gunohning jazosi muqarrarligi ko‘rsatib berilgan. Serialda bu illatlar oqlanmayapti, aksincha, real taqdirlar, real voqealar orqali qoralanib, fosh etilyapti. Eng muhimi, serial finalida yaxshilik yomonlik ustidan, muhabbat nafrat ustidan, ezgulik esa yovuzlik ustidan g‘olib bo‘ladi va ijobiy yakun topadi.

Rejissyor Dilshod Ahmedov “Fitna” serialiga qadar “To‘qlikka sho‘xlik”, “Qilmish-qidirmish”, “Salom gruppadagilar” filmlari va “Vijdon azobi” seriali orqali tomoshabinlar qalbidan o‘rin egallagan. “Fitna” serialida esa rejissyor yosh ijodkor sifatida jamiyatimizdagi fojiaviy illatlarni aks ettirish orqali ularga qarshi kurashishni maqsad qilgan. Agar biz Dilshod Ahmedov kabi rejissyorlarimizning har bir ijod mahsulini ko‘r-ko‘rona tanqid ostiga olaversak kino san'atimiz qanday taraqqiy etadi? Biz bu ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlamog‘imiz, ularning intilishlariga to‘sqinlik qilmasligimiz kerak. Shu holatdagina xorij seriallariga kunimiz qolmasdan milliy seriallarning ham yaratilishiga imkon bergan bo‘lamiz. Unutmasligimiz kerakki, ijod erkinlikni talab qiladi. Ijodkorga biz buyurtma bera olmaymiz. Agar biz o‘z qoliplarimizdan kelib chiqib, buyurtma berar ekanmiz san'atga va tomoshabinga xiyonat qilgan bo‘lamiz. 

Mavzuga oid