Odam Ato zamonidan to bugungi kunga qadar ayol nozik hilqat sifatida erkak bilan birga umrguzaronlik qilib, insoniyat hayotining davomiyligini ta'minlab kelmoqda.

Real hayotda bo‘lganidek janridan qat'i nazar badiiy adabiyot yoxud kino bo‘lsin, uni ayol obrazisiz tasavvur qilish qiyin. «Ming bir kecha» ertaklari orqali ayol obrazi eng yuqori mo‘'jizaviy estetik hilqat sifatida tasvirlandi. Sharq she'riyatida esa ayolga bo‘lgan ta'rifu tavsif «Ming bir kecha»nikidan kam bo‘lmadi. O‘rta asrlarda real hayotda ayollarni jodugarlikda ayblab gulxanda kuydirish oddiy holat edi, lekin Shekspir zamonasidagi dramaturglar ayol obrazini ijobiy ma'noda yangi bir cho‘qqiga olib chiqdi. Shu o‘rinda eslatish joizki, Dante qalamiga mansub «Ilohiy komediya» asarining «A'rofa» qismi bevosita biz bilgan To‘marisning jasoratiga bag‘ishlangan. Shekspir To‘maris obrazini Yevropa ayollariga namuna qilib ko‘rsatgan. Frantsuz adabiyotida esa To‘maris fransuz milliy qahramoni Janna D`Ark darajasida ulug‘langan. Ammo bugungi kunda o‘zimiz o‘zimizning o‘zbek ayolini tahqirlab, loyga chaplab, botqoqqa botiryapmiz. Qanday qilib?.. 

Albatta, yangi davr Yevropasi romantizmida ayol obrazi yengil-yelpi ishqiy romanlar mavzusi uchun qurbon qilindi. Biroq aynan XIX-XX asr G‘arb adabiyoti, xususan, rus romanchiligida ayol obrazi mukammal ko‘rinish kasb etdi. Bu davrgacha xalq dostonlariyu, badiiy asarlardagi ayol qahramonlar o‘z davrining yetuk ziyolisi va go‘zal ayoli sifatida tasvirlangan bo‘lsa, Turgenev, Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov kabi yozuvchilarning asarlari orqali ayol ruhiyatining o‘ziga xos psixologik xarakteri yuksak badiiy bo‘yoqlar bilan tasvirlandi. Ayniqsa, Tolstoyning Anna Kareninasi, Kiti Shcherbatskayasi, Turgenevning Marya Nikolayevnasi, Dostoyevskiyning Nastasya Filippovnasi jahon adabiyotida ayol obrazini yangi cho‘qqiga olib chiqdi.

O‘zbek adabiyotida Abdulla Qodiriyning Kumushi o‘zbek romanchiligidagi ilk ayol qahramon sifatida yuzaga keldi. Albatta, Sho‘ro davri adabiyotida ayol obrazi mafkuraviy xususiyat kasb etib, unga o‘ziga xos talablar yuklandi. Bu davr ayollaridan sun'iy ravishda zamon qahramonlari yasalib, taqdim qilindi. Ammo tan olish kerakki, bu davrda o‘zbek adabiyoti va san'atida tasvirlangan ayol obrazlari har qanday majburiyatlar yuklanmasin, u ayollik sha'ni va jozibasini yo‘qotmadi. Ya'ni, kino, teatr va adabiyotda ayol ulug‘lansa ulug‘landiki, lekin, bugungi kundagi o‘zbek kinosidagidek tahqirlanmadi. Hatto Sho‘ro davrida ham o‘zbek ayoli sharmandali tarzda tahqirlanmagan.

«Mening yurtim» telekanalida namoyish etilayotgan «Fitna» serialidagi «fitna»lar haqida gapirmoqchimiz.

Yuqorida biroz mulohaza yuritganimiz boisi shuki, ushbu serial ijodkorlari va «Mening yurtim» telekanali mas'ullariga qisqacha bo‘lsada, dunyo badiiy tafakkurida ayolga bo‘lgan munosabat, xususan, ayol obrazi nechog‘li ulug‘ligining xronoligik evolyutsiyasini bilmasa bildirishni, bilsa eslatishni joiz, deb bildik.