O‘zbekiston | 09:39 / 30.08.2018
9644
6 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi

Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon va Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va Siz orqali butun qardosh O‘zbekiston xalqini O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etish va eng ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Siz olib borayotgan uzoqni ko‘zlagan siyosat hamda mamlakat hayotining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi muhim yangilanishlar bugun o‘z natijalarini berib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘sini muttasil yuksaltirmoqda.

O‘zbekiston bilan minglab do‘stlik rishtalari orqali bog‘langan Tojikiston yaqin qo‘shni sifatida ushbu muvaffaqiyatlardan xursand bo‘lmoqda.

Xalqlarimizni madaniy-ma'naviy yaqinlik, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish, tinchlik va totuvlikka asoslangan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tajribasi bog‘lab turadi.

O‘zbekiston bilan munosabatlar Tojikiston tashqi siyosatining hamisha asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.

Biz Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning ochiq va konstruktiv muhitidan, shuningdek, hamkorligimiz xalqlarimiz va butun mintaqamiz manfaatlari yo‘lida izchil rivojlanib borayotganidan g‘oyat xursandmiz.

Bunda, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizning shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz.

Yaqinda go‘zal mamlakatingizga davlat tashrifim davomida Siz bilan bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuvlarimizni, tarixiy hujjat – Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolaganimizni alohida iliqlik bilan eslayman.

Ishonchim komil, ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar, shuningdek, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida qator keng miqyosli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarimizning  ro‘yobga chiqishi mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan samarali hamkorligiga yangi va kuchli sur'at bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, bundan buyon ham Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik an'analari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga barcha kuchlarni yo‘naltirishga tayyor ekanimni bildiraman.

Birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz natijasida mamlakatlarimiz munosabatlari Tojikiston va O‘zbekiston xalqlari farovonligi yo‘lida bundan-da mustahkamlanishiga ishonaman.

Ushbu qutlug‘ bayram kunlarida Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, mamlakat ravnaqi yo‘lidagi rejalaringiz va intilishlaringiz ro‘yobida katta zafarlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman”, - deb yozadi Imomali Rahmon.

“O‘zbekistonning Milliy kuni munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini va butun o‘zbek xalqini shaxsan o‘z nomimdan va xalqim nomidan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Qardoshimiz va do‘stimiz deb bilganimiz O‘zbekistonning Siz, aziz qardoshimning oqilona va uzoqni ko‘zlovchi rahbarligida erishayotgan yutuqlarini butun dunyo kabi biz ham yuqori baholagan holda kuzatyapmiz. O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi yo‘lida g‘ayrat va fidokorlik bilan qilayotgan sa'y-harakatlaringizni bugungacha bo‘lgani kabi kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik va strategik sheriklik birgalikdagi sa'y-harakatimiz bilan xalqlarimizning manfaati yo‘lida yanada kuchayishiga ishonchim komil. Sizning oqilona rahnamoligingizda do‘st va qardosh O‘zbekistonning shunday irodaga ega ekanining shohidi bo‘layotganimdan mamnunman.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz kelgusida yanada rivojlanishiga ishonchimni tasdiqlagan holda, Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh o‘zbek xalqiga omonlik va farovonlik tilab qolaman”, - deyiladi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning tabrigida.

Shuningdek, Mustaqillikning 27 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq hamda farovonlik tilab, ezgu istaklar izhor etilgan.

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yoqub 
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Xalifa bin Zoid Ol Nahayon
Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Al Nahayon
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon
Falastin Davlati Prezidenti, Falastin ozodlik tashkiloti Ijroiya qo‘mitasi raisi Mahmud Abbos

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Si Tszinpin va Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni tabriklagandi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid