2018 yil 1 sentabrdan bir qator qonun hujjatlaridagi normalar kuchga kiradi. “Huquqiy axborot” kanali ularning ayrimlari bilan qisqacha tanishtirib o‘tdi.

1. 2018 yil 1 sentabrdan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarga quyidagi huquqlar berildi:

• tegishli litsenziya asosida O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish;

• akkreditatsiya asosida, ishlash uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolarining malakasini tasdiqlash borasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish.

Foto: vb.kg

2. Bojxona rasmiylashtiruvi soddalashadi. Bugundan e'tiboran:

• chegara bojxona postlarida nazorat o‘tkazilganda veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat ham amalga oshiriladi;

• iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a'zo davlatlarning akkreditatsiyadan o‘tgan organlari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan, O‘zbekistonga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan majburiy muvofiqlik sertifikatlashtirishni amalga oshirish talab etilmaydi;

• tovarlarning “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovarlarni davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi;

• “bojxona ombori” rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan bojxona to‘lovlari yuzasidan taqdim etilgan imtiyozlar qo‘llanilmaydi.

3. “Aholi bandligini ta'minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq endilikda shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida ishlovchi fuqarolarni band bo‘lgan shaxs sifatida hisobga olish mexanizmi joriy etiladi.