Jahon | 22:48 / 07.09.2018
20147
7 daqiqa o‘qiladi

Londonlik «professor», Putinning «jiyani» – Tramp shtabining sobiq maslahatchisi nega hibsga olingandi 

Kolumbiya okrugi sudi 7 sentabr kuni Donald Trampning saylovoldi shtabi sobiq maslahatchisi Jorj Papadopulosga nisbatan hukm chiqaradi. 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bo‘yicha maxsus prokuror Robert Myullerning surishtiruvi aynan mana shu insondan boshlangandi. Papadopulos nimada ayblanmoqda, u Tramp shtabida nima bilan shug‘ullangandi?

Londonlik «yaxshi tanish» 

Shunday qilib, Papadopulos o‘zining Tramp shtabiga maslahatchi sifatida ishga olinishi haqida 2016 yil mart oyi boshida bilgandi. Unga Tramp saylovda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, prezidentning tashqi siyosatdagi asosiy vazifasi Rossiya bilan munosabatlarni tiklash bo‘lishini aytishadi. O‘sha paytda hali o‘ttizga ham to‘lmagan Papadopulos Londonda yashardi. U 2016 yilning 16 martida Italiyada bo‘ladi va londonlik allaqanday «professor» bilan tanishadi. Papadopulos unga Tramp shtabida ishlashini aytganidan so‘ng «professor» rossiyalik amaldorlar bilan katta aloqalarga ega ekanligini bildiradi. Papadopulos bu tanishuv unga Tramp shtabida qo‘shimcha vazn berishi haqida o‘ylab qoladi.

24 mart kuni Papadopulos «professor» bilan Londonda uchrashadi. U o‘zi bilan rus qizni yetaklab keladi va uni Papadopulosga Putinning jiyani deb tanishtiradi. AQSh prokuraturasining izohlashicha, Papadopulos keyinroq qizning Putinga hech qanday aloqasi yo‘qligini biladi. Ammo o‘sha paytda Papadopulos Tramp shtabidagi boshliqlariga «professor», «yaxshi tanishi» uni Putinning jiyani bilan tanishtirib qo‘yganini yozadi. Papadopulos ular Tramp prezident bo‘lgan taqdirda rossiyaliklar bilan qanday mavzularda muzokaralar olib borilishini muhokama qilishganini bildiradi.  

Foto: twitter.com/George Papadopoulos


Minglab yozishmalar 

31 mart kuni Papadopulos Vashingtonga Tramp va maslahatchilar guruhi bilan uchrashgani keladi. U Tramp va Putin uchrashuvini tashkil qilishga yordam beradigan odami borligini ma'lum qiladi. Londonga qaytgan Papadopulos «professor» va Putinning soxta jiyani bilan rossiyaliklar hamda Tramp shtabi vakillari uchrashuvini tashkillashtirish ustida ishlaydi.

26 aprel kuni «professor» Papadopulos bilan Londondagi mehmonxona restoranida uchrashadi va Moskvadan kelganini, yuqori lavozimli amaldorlardan rossiyaliklar Xillari Klinton haqida muhim ma'lumotlarga ega bo‘lishganini eshitganini aytadi. «Ruslar Klintonning elektron yozishmalarini qo‘lga kiritishgan. Ularda minglab yozishmalar bor!», deydi u.  

Papadopulos 2016 yil aprel oyi oxirlarida shtabga Putin Tramp va uning jamoasini qabul qilishni istayotganini aytishgani haqida yozadi. Ammo saylov shtabi boshlig‘i Pol Manafort «Donald Tramp bunday tashrifni amalga oshirmaydi», deya Papadopulosning Trampning Moskvaga tashrifini uyushtirish harakatlariga chek qo‘yadi.

Ikki kishi bilgan narsa sir emas  

2016 yilning may oyida Papadopulos Londondagi barlardan birida o‘sha paytda Buyuk Britaniyaning Avstraliyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Aleksandr Douner bilan uchrashadi. Trampning maslahatchisi mastlikda Rossiya tomoni Xillari Klintonni qoralaydigan ma'lumotlarga ega ekanligini aytib qo‘yadi.

Douner bu haqda FQB xodimlariga xabar beradi va iyul oxirlarida Londonga uchib kelishadi. 2 avgust kuni elchining ko‘rsatmalari haqidagi hisobot Vashingtonga jo‘natiladi va u AQShdagi saylovlarga xorijdan aralashuv bo‘lganligi bo‘yicha ish ochilishiga asos bo‘ladi.

Iqror   

FQB 2017 yilning 27 yanvar kuni Papadopulosni so‘roq qilganida u «professor» Klinton haqidagi ma'lumotlar haqida gapirganini ma'lum qiladi, ammo bu suhbat Papadopulosning Tramp shtabiga ishga olinishidan avval bo‘lganligini aytib yolg‘on ko‘rsatma beradi.  

Rossiyalik qiz bilan suhbatlashgani haqida ko‘rsatma berar ekan, u shunchaki salom-alik qilganligini aytadi. Ammo byuro xodimlari Papadopulos saylovoldi kampaniyasi davomida u bilan elektron yozishmalar olib borganini va tashqi siyosat masalalarini muhokama qilish uchun Rossiyaga safar uyushtirish imkoniyatlari haqida Skype orqali bir necha marta suhbatlashganini isbotlashadi.

16 fevral kungi so‘roqdan so‘ng Papadopulos mobil telefoni raqamini almashtiradi va yozishmalarini yashirish maqsadida Facebook’da 2005 yildan buyon mavjud bo‘lgan akkauntini o‘chirib tashlaydi.

Papadopulos iyulda Vashingtondagi Dalles nomidagi xalqaro aeroportda hibsga olinadi. 

2017 yilning 5 oktabr kuni u FQB agentlariga yolg‘on ko‘rsatma berganiga iqror bo‘ladi.

Sirli «professor» va rossiyalik qiz kim edi

Professor deya tilga olingan shaxs London diplomatiya akademiyasining faxriy direktori, «Valday» klubi eksperti Jozef Mifsad bo‘lib, u Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega ekanligini bir necha marta ta'kidlagan.

Rossiyalik qiz esa Olga Polonskaya ismli talaba bo‘lib, Mifsadning so‘zlariga ko‘ra, u professorga stajyor bo‘lishni istagan va Rossiya hukumati bilan hech qanday aloqaga ega bo‘lmagan. Ammo boshida professor uni Papadopulosga Kreml bilan yaqin aloqaga ega, AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga intiluvchi inson sifatida tanishtirgan. 

Shtabdagi «ko‘ngilli»

Prezident Donald Tramp esa Twitter’da Papadopulos uning shtabida shunchaki quyi pog‘onadagi ko‘ngilli bo‘lganini ma'lum qildi.
«Yolg‘onchi OAV ortig‘i bilan ishlamoqda. Yurist Pol Manafortning so‘zlariga ko‘ra, "fitna" haqida hech qanday dalil yo‘q va tergovda aytilgan voqealar uning saylovoldi kampaniyasiga qo‘shilishidan ancha oldin bo‘lib o‘tgan. Yolg‘onchiligi fosh bo‘lgan Jorj ismli bu yosh ko‘ngillini kamdan-kam odam tanirdi. Yaxshisi, demokratlarni tekshiring!», deb yozdi u.

Mavzuga oid