Jahon | 20:00 / 09.09.2018
3301
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Foto: EPA\UPG

Shvetsiyada 9 sentabrda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Saylovlarda ishtirok etish uchun ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 7,3 mlnga yaqin kishi taklif qilingan. Qirollik fuqarolari keyingi 4 yil uchun bir palatali qonunchilik yig‘ini – rikstagning bo‘lg‘usi a'zolarini saylashadi.

Rikstagga saylovlar proporsional tizim bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda hammasi bo‘lib 349 ta mandat bor. Saylovlarning ilk natijalari saylov uchastkalari yopilgandan 2-3 soat o‘tib ma'lum qilina boshlanadi. 

Saylovlar oldidan o‘tkazilgan so‘rovnomalar hukmron Sotsial-demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlovchilar (25 foiz) ko‘pligini ko‘rsatgan. O‘ng sentristik koalitsiyaviy partiyani so‘ralganlarning 17 foizi qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Shu bilan birga sotsiologlar sotsial-demokratlarning aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ancha kamayganini ta'kidlashmoqda. Oxirgi yillarda o‘ng populistik Shved demokratlari partiyasi reytinglari ancha oshgan. Ularni so‘ralganlarning 17 foizdan ko‘prog‘i qo‘llab-quvvatlagan. Bu partiya ommalashishiga birinchi navbatda iqtisodiy omillar emas, balki fuqarolarning hukumatning migratsiya siyosatidan noroziligi olib keldi.

10 mlnlik aholiga ega Shvetsiya 2015 yilning o‘zida 160 mingga yaqin boshpana izlovchini qabul qilgan. Aholi soniga nisbatan bu Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘shanda Shvetsiya qochqinlar oqimini to‘xtatish maqsadida chegara nazoratini kiritishini ma'lum qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid