Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi
Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko 12 sentabr kuni Toshkentga keladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov o‘z rasmiy sahifasida ma'lum qilgan.
«Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish uchun Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko 12 sentabr kuni Toshkentga keladi. Asosiy muzokaralar 13 sentabr kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tadi, ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi. Davlat rahbarlarining poytaxtimizdagi sanoat korxonalari, Belarusda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasiga tashrif buyurishi ham rejalashtirilgan», deyilgan xabarnomada.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikka doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish, siyosiy muloqotni, savdo-iqtisodiy, investitsiya, fan va ta'lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar.
Tashrif doirasida Toshkent shahrida «Belarusda ishlab chiqarilgan» milliy ko‘rgazmasi tashkil etiladi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlari rahbarlari ishtirokida qo‘shma biznes va hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tadi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali do‘stona aloqalarga yangi sur'at baxsh etishga qaratilgan salmoqli davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar va boshqa hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Bundan avvalgi xabarlarda Belarus prezidenti 13 sentabr kuni O‘zbekistonga kelishi aytilgandi.
Mavzuga oid
20:49 / 11.11.2024
Belarus rasman BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini oldi
22:17 / 07.11.2024
Lukashenko yana 31 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024