O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari birinchi marta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining bir guruh vakillari - Dilshod Saidmurodov, Jo‘rabek Sabdarov va San'at Sharipov Rossiyada xizmat safarida bo‘lib keldi. Tashkilot matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, mutaxassislar safar davomida Rossiya futbol ittifoqi prezidentining huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Denis Rogachev bilan uchrashuv o‘tkazishgan.
O‘FA matbuot xizmatining bildirishicha, uchrashuvdan asosan quyidagi 2 ta maqsad ko‘zlangan edi: RFIning huquqiy bo‘limlari faoliyati muhokama qilish hamda o‘rganilayotgan tajribalar asosida O‘zbekistonda ham FIFA talablariga mos holda ishlaydigan quyidagi huquqiy bo‘limlarni yaratish:
- tortishuvlarni hal etish palatasi;
- apellyatsiya qo‘mitasi;
- futbolchining mavqeyi bo‘yicha qo‘mita;
- agentlar bo‘yicha qo‘mita.
Birgina "Tortishuvlarni hal etish" palatasida 22ta odam ishlasa, qolgan bo‘limlarda ham 7 kishidan 25 kishigacha xodim mehnat qiladi. Rais va uning yordamchisi, kasaba uyushmalaridan 10 kishi va klublardan ham shuncha ishchi qo‘mita a'zolari hisoblanishadi. Ular tez-tez yig‘ilib turishadi va ko‘plab masalalarni muhokama qilishadi.
Agar shikoyat beriladigan bo‘lsa, avvaliga Futbolchining mavqeyi qo‘mitasiga chiqiladi, undan so‘ng mehnat shartnomasiga qaraladi. Shunda ham muammo hal bo‘lmasa, ish Lozannadagi Sport arbitraj sudiga uzatiladi.
O‘FA mutaxassislari shu yilning noyabr oyida O‘zbekiston klublaridagi futbolchilar uchun maxsus huquqiy seminar tashkil qilish rejada borligini aytib, RFIdan vakillarni ushbu seminarga taklif etishdi va bu taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Shundan so‘ng, O‘FA vakillarini RFI texnik direktori Andrey Leksakov qabul qildi. Uchrashuv davomida U-15, U-16 va boshqa kattaroq yoshdagi futbolchilar o‘rtasidagi musobaqalarni tashkil qilish borasida qiziqish bildirishdi. Bu yildan boshlab Granatkin xalqaro musobaqasiga O‘zbekiston vakillari ham taklif qilinadigan bo‘ldi. Leksakov mini-futbol, plyaj futboli, ayollar futboli borasida ham o‘zaro hamjihatlikda musobaqalar tashkil qilishga hayrixoh ekanligini bildirdi.
O‘zbekistonlik murabbiylarni o‘qitish va lizentsiyalar berish borasida ham rossiyalik mutaxassislar o‘z yordamlarini ayamasliklarini ta'kidlashdi va o‘zbekistonlik murabbiylarning Rossiyaga malaka oshirishlarida ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini aytib o‘tishdi.
Uchrashuvda Rossiya uchun Osiyo futboli qiziq ekanligi ko‘p bor tilga olinib, ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik ayni muddao bo‘lishi ta'kidlandi.
O‘FA vakillari suhbat so‘ngida Rossiya futbol ittifoqi xodimlariga O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish taklifi bilan chiqdi. Bunga javoban RFI vakillari Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stanislav Cherchesov bilan bo‘lib o‘tadigan suhbatda bu mavzuga batafsil to‘xtalishga va'da berishdi.
Qo‘shimcha qilish o‘rinliki, O‘zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalar darajasida hozirga qadar o‘zaro o‘yin o‘tkazmagan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Toshkentning "Paxtakor" jamoasini o‘z vasiyligiga olgani va klubga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritgani ma'lum bo‘lgandi.
Mavzuga oid
19:04 / 16.03.2024
UZCARD O‘FA va PFL rasmiy hamkoriga aylandi
14:59 / 19.02.2024
O‘FA hisobchisi 350 ming dollarni o‘zlashtirib, qochib ketgani haqida xabarlar tarqaldi
17:17 / 26.12.2023
Fayzullayev – O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi. O‘FA yil laureatlarini e’lon qildi
16:24 / 19.07.2023