Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ruxsat etilmagan joylarga chiqindilar tashlaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvdan oqilona foydalanish, suv muhofaza zonalari tartibiga rioya etishni ta'minlash, mazkur sohada yuridik va jismoniy shaxslarning mas'uliyatini oshirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputatlari, mutasaddi tashkilotlar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Sohada olib borilgan monitoringi natijalari ko‘rsatishicha, aholi punktlari hududlarida sanitar va ekologik holat yomonlashuvining sabablaridan biri chiqindilarni maydonlar, ko‘chalar, sug‘orish tarmoqlari ichiga, suv muhofaza zonalariga, daryo bo‘ylariga, aholining madaniy-maishiy dam olish hududlariga tashlanishi bilan bog‘liq. 2018 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, chiqindilarni belgilanmagan joylarga noqonuniy tashlash bo‘yicha 13,1 mingta (2017 yilda – 6,3 mingta) holat aniqlangan.
Amaldagi qonunchilikda ruxsat etilmagan joylarga chiqindilarni tashlaganlik uchun shaxslarni javobgarlikka tortish mexanizmi mavjud emasligi bois, «Chiqindilar to‘g‘risida»gi Qonunga fuqarolar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirish va chiqarib tashlashni taqiqlovchi norma kiritish muhim ahamiyatga egaligini davr taqozo etmoqda. Yuridik shaxslarga aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlariga, yo‘l chekkalariga, yo‘llarning qatnov qismiga qurilish va maishiy chiqindilarni tashlanishini va joylashtirilishini oldini olish majburiyatlarini belgilash ham lozim. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ruxsat etilmagan joylarga qattiq maishiy va qurilish chiqindilarni tashlash, suyuq chiqindilarni to‘kkanlik uchun javobgarlikni oshirishni nazarda tutuvchi norma kiritilishi ham muayyan natija berishi mumkin. Bu borada, ayniqsa, aholining ekologik-huquqiy bilimini boyitish, mas'uliyatini oshirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish muhim masalalardan hisoblanadi.
«Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi Qonunning 41-moddasiga asosan, suvni muhofaza qilish zonalarining, sohilbo‘yi mintaqalarining, suv obektlari sanitariya muhofazasi zonalarining hamda yerusti va yerosti suvlari hosil bo‘lish zonalarining rejimi, ya'ni sohilbo‘yi mintaqalarida suv xo‘jaligi obektlarini qurishdan tashqari, har qanday turdagi qurilish taqiqlangan. Lekin joylarda qonunning mazkur talabiga rioya etmagan holda suv muhofaza mintaqalarida yashash uchun mo‘ljallangan binolar va umumiy ovqatlanish obektlari va boshqa qurilishlar amalga oshirilgan, hozirgi kunda ham qurilish ishlari davom etmoqda.
Qirg‘oq bo‘yida joylashgan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan obekt va inshootlardan daryo va soy o‘zanlariga maishiy va boshqa chiqindilar, shu jumladan oqova suvlar tashlanmoqda. Buning oqibatida, bevosita inson hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga xavf tug‘ilmoqda. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, birgina G‘ijduvon tumanidan oqib o‘tuvchi Permas, Qalqonro‘d kanallari va Mavlaniyon kollektorlari suv muhofaza zonalarida aholi va tashkilotlar tomonidan 50dan ortiq uy-joy, ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va boshqa obektlar bunyod etilgan.
Tadbirda suv muhofaza zonalarida bu kabi noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olish, aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish suv resurslari muhofaza qilishga, hududlarda sanitar holatni yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Tadbirda, shuningdek, aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlash, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan undan tejamkorlik bilan foydalanish masalalari muhokama etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan «Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvdan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi haqida batafsil ma'lumot berildi.
Mavzuga oid
11:32 / 20.04.2026
Voyaga yetmaganlar xavfsizligiga doir yangi huquqiy normalar joriy etildi
09:02 / 28.03.2026
Chiqindilarni noqonuniy olib ketish uchun javobgarlik belgilandi
10:53 / 12.03.2026
Elektr va gazga noqonuniy ulanganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
09:30 / 04.03.2026