Hindiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi
2018 yilning 13-14-sentabr kunlari Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining beshinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir Xalqaro munosabatlar axborot-tahliliy markazi (XMATM) tomonidan Xalqaro ishlar bo‘yicha Hindiston kengashi bilan hamkorlikda hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkillashtirildi.
Unda Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri Mobashar Javad Akbar, Xalqaro ishlar bo‘yicha Hindiston kengashi bosh direktori doktor Tirumallai Sunnuvakum Anandanpillai Ragavana, Mavlono Azad nomidagi universitet rektori professor Ahtarul Vasi hamda boshqa siyosiy va ekspertlik doiralari vakillaridan iborat Hindiston delegatsiyasi va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi tadqiqot markazlarining olimlari va ekspertlari ishtirok etdi.
“Forum doirasida Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning joriy dinamikasi, barqaror taraqqiyotga qarshi qaratilgan xavf va tahdid bilan birgalikda kurashish, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlarining Hindiston bilan siyosat, iqtisod, xavfsizlik va madaniyat sohalaridagi hamkorligini chuqurlashtirish borasidagi dolzarb taklif va tavsiyalarini ishlab chiqish masalalari bo‘yicha samarali fikr almashildi. Panel sessiyalar doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi”, - deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, forum qatnashchilari O‘zbekistonning Afg‘oniston yo‘nalishidagi siyosatiga yuqori baho berdilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar aloqalarni sezilarli darajada kengaytirdi, afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha xalqaro chora-tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga O‘zbekiston “Afg‘onistondagi siyosiy tartibga solish jarayoni afg‘onlarning o‘z rahbarligi ostida va ularning o‘z kuchlari orqali amalga oshishi kerak” degan fundamental tamoyilga sodiq qoladi.
Forum doirasida Xalqaro munosabatlar axborot-tahliliy markazi bilan Xalqaro ishlar bo‘yicha Hindiston kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum ham imzolandi. Hujjat XMATMning hindistonlik hamkasblari bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, maqolalar chop etish, shuningdek qo‘shma tadbirlarni tashkillashtirish sohalarida sermahsul va o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratadi.
Tadbir doirasida siyosat, iqtisod, energetika, transport va madaniyat sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish borasida ikki tomonda ham katta qiziqish borligini tasdiqlovchi muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Majlis yakunlariga ko‘ra Markaziy Osiyo davlatlari va Hindistonning ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirishga yo‘naltirilgan amaliy takliflar ham ishlab chiqildi.
“Forumning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktabr oyida Hindistonga amalga oshiradigan tashrifi arafasida bo‘lib o‘tgani diqqatga sazovordir”, - deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
17:51 / 05.11.2024