O‘zbekistonda ilk marotaba eko-mobil o‘yin yaratildi
Ozon kotibiyati hamda BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNeP) “OzonEkshn” ko‘magida tayyorlangan “Vaqt mashinasi: sarguzasht” (“Time machine: quest”) deb nomlanuvchi ta'limiy, intellektual mobil o‘yin ozon qatlami va uni asrash masalalarini qamrab olgan.
14 sentabrda “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Ozon kotibiyati vakillari hamda jurnalistlar ishtirokida ushbu mobil ilovaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Vaqt mashinasi: sarguzasht” o‘yini 16 sentabr – “Butunjahon ozon qatlamini muhofaza qilish kuni” munosabati bilan yaratildi.
Loyiha tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan Akbar Sultonov Kun.uz muxbiriga o‘yin haqida ma'lumot berdi:
“Mobil ilovani yaratishda yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar o‘z hissalarini qo‘shishdi. Biz loyiha ustida yil boshidan beri ishlayapmiz. Hozir ham uni yanada takomillashtirishga harakat qilyapmiz. “Vaqt mashinasi: sarguzasht” mobil o‘yini odamlarga ozon qatlami va atrof-muhitni muhofaza qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligini o‘rgatadi. Bunda ekologiya borasida savollar beriladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun ball beriladi. Mobil ilova 2 qismdan: asosiy va mini-o‘yindan iborat. Birinchi bo‘lim ingliz va rus tilida, ikkinchisi esa o‘zbek, ingliz, rus, fransuz va portugal tilida faoliyat yuritadi va barcha yoshdagi insonlar uchun mo‘ljallangan. Bolalarga 3 yoshdan boshlab o‘ynash mumkin”.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘ktam O‘tayev so‘zga chiqib quyidagilarni bayon etdi:
“O‘zbekiston Respublikasi 1993 yilda “Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasini imzolab, “Ozon yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli” va uning qo‘shimchalarini (London, Kopengagen, Monreal, Pekin) ratifikatsiya qildi. Ayni vaqtda yurtimizda ushbu huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar bajarib kelinmoqda. Monreal protokoli yuzasidan olingan majburiyatlarni bajarishda asosiy strategik yo‘nalishlardan biri bu – 2030 yilga kelib gidroxlorftoruglerodlardan (GXFU) batamom voz kechish hisoblanadi. Yurtimizda ushbu sohada amalga oshirilgan ishlarning namunasi sifatida mazkur ilovani misol keltirishimiz mumkin. Bu o‘yin yoshlarga, kattalarga ekologiyani birgalikda asrashga chorlaydi, degan umiddamiz”.
Shu bilan birga, anjumanda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Frayzer hamda Ozon kotibiyatining kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassisi Den Tengo ozon qatlamini himoya qilishga bilan bog‘liq bilimlarning oshishiga yordam beruvchi tashabbusning dunyo yuzini ko‘rganligidan barchani samimiy qutladilar.
Ma'lumot o‘rnida: “Vaqt mashinasi: sarguzasht” mobil ilovasi Android 4.4 operatsion sistemasida ishlaydigan qurilmalar uchun mo‘ljallangan. O‘yinning beta versiyasini www/game.o3.uz/TMQuest.apk havolasi orqali bepul yuklab olish mumkin. Yaqin kunlarda ushbu mobil ilovani PlayMarket’dan ham sotib olish mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024