Jamiyat | 12:56 / 21.09.2018
3860
2 daqiqa o‘qiladi

“Toshshahartransxizmat” dizaynerlar, rassomlar va kreativ shaxslar o‘rtasida tanlov e'lon qildi 

“Toshshahartransxizmat” AJ avtosaroylarning haydovchi va chiptachilari uchun maxsus kiyim (forma) dizaynini yaratish bo‘yicha dizaynerlar, rassomlar hamda shunday mahoratga ega bo‘lgan kreativ shaxslar o‘rtasida tanlov e'lon qildi. 

Tanlov shartiga ko‘ra, ushbu maxsus kiyim (forma) larda zamonaviylik, iqlim va ranglar mutanosibligi, bejirimlilik, betakrorlik, eng asosiysi, yo‘lovchilarga kayfiyat bag‘ishlash jihatlari inobatga olinishi lozim. 

Bundan tashqari, umumiy xizmat kiyimi fasllar mavsumiga mos tarzda 2ta jamlanmadan iborat bo‘lishi shart. 

Barcha maxsus kiyimga, albatta, “Toshshahartransxizmat” AJ belgisi tushirilishi lozim.

Haydovchilarga cho‘ntakli va tugmali, bayram kunlari  uchun esa oq rangli ko‘ylak bo‘lishi kerak. Shim bichimida manjyetsiz, klassika nazarda tutilishi lozim. Formada bosh kiyim ham bo‘lishi shart.

Chiptachilar uchun haydovchilardan farqli o‘laroq bichim tanlanishi kerak. 

Kuz-qish mavsumi uchun keng yoqali, uzun yengli, beli bo‘g‘mali libos yaratilishi nazarda tutilgan.

Ayollar uchun mo‘ljallangan yubka tizzadan 5-10 sm tushib turishi kerak (agar yubka tanlansa yoki erkaklardan farqli ravishda shim bo‘lishi ham mumkin).

Takliflar 17-27 sentabr kunlari info@tshtx.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinadi. Tanlov g‘olibi qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlanadi. 

Qo‘shimcha ma'lumot uchun telefonlar: 71233-51-33, 71233-50-43.

Mavzuga oid