O‘zbekiston | 16:35 / 27.09.2018
12734
3 daqiqa o‘qiladi

«Toshshahartransxizmat»​ xodimi nega lavozimidan bo‘shashga qaror qilganini ma'lum qildi

Foto: Toshshaxartransxizmat

​«Toshshahartransxizmat»​ AJning uch nafar katta lavozimdagi xodimlari​ vazifasidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi. Kun.uz muxbiri ularning ishdan bo‘shash sabablariga qiziqib, 5-avtobus saroyi direktori ​lavozimida ishlagan Murod Musaxo‘jayev bilan bog‘landi. 

«Toshshahartransxizmat» AJ tarqatgan xabarda go‘yoki, men mas'uliyatsiz va ishga layoqatsizligim uchun ishdan bo‘shatilgan kishidek ko‘rsatilganman. Aslida, shu yilning 14 sentabr kuni ishdan o‘z xohishimga ko‘ra bo‘shash to‘g‘risida arizani yozgandim. Bunday qarorga kelishimga bir nechta sabablar bor. 

Avvalo, 5-avtobus saroyi direktori ​lavozimida 2 oy ortiq muddat ishladim, xolos. Shu qisqa muddatda saroy hududida obodonlashtirish, ta'mirlash ishlarini tashkil etib, o‘z cho‘ntagimdan pul sarfladim. Hattoki, yo‘nalishdagi avtobuslarning texnik nosozligi bartaraf etish uchun yetarli mablag‘ ajratilmaydi. Ehtiyot qismlarni sotib oldim», deb vaziyatga oydinlik kiritdi Musaxo‘jayev. 

Murodning ta'kidlashicha, u avtobuslarni GPS moslamalarisiz harakatlanishiga chora ko‘rmagani uchun emas, balki aynan mana shu holatga barham bermoqchi bo‘lganda rahbariyatning bosimiga uchradi. 

«Men yoshligimdan transport sohasida ishladim. Aslida tadbirkorlik qilib, ro‘zg‘orimga yetarli daromad qilib yurgandim. Avtosaroyga kelganimda ishlar ancha murakkab tashkil etilganiga ko‘zim tushdi. Birinchi galda, xalqni rozi qilish uchun yangi yo‘nalishlarni tashkil etish, mavjud yo‘nalishlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritdim. Yozning issiq kunlarida aholiga ichimlik suvi tarqatish aksiyasini amalga oshirdik. Bir qaraganda hammasi bir maromda davom etayotgandi. 

Anvar Jo‘rayev o‘rniga Mohirxo‘ja Valiyev «Toshshahartransxizmat» raisi lavozimiga tayinlanishi bilan meni «jamoa»dan chiqarishga harakat qila boshladi. Emishki, men eski rahbarning «odam»iman. Boz ustiga, GPS o‘rnatilmay, qog‘ozda bitta raqam, amalda boshqacha bo‘lgan yo‘nalishdagi avtobuslarni aniqlab, dispetcherlik qismiga murojaat qildim. 

Ming afsuski, shundan so‘ng, menga bosim kuchaydi va o‘z xohishimga ko‘ra, ishdan ketishga qaror qildim», deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, bundan avval, «Toshshahartransxizmat»ning dispetcherlik qismi mutasaddi xodimi ham ishdan bo‘shatilgan haqida ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid